“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi tadbirkorlar faoliyatida haqqoniylikni ta’minlaydi
Ma’lumki, bugungi kunda tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar qonuniyligini ta’minlash maqsadida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilgan. Mazkur tizim tekshiruvlar bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini berib, unda o‘tkazilgan va o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tekshiruvlar haqida tegishli ma’lumotlarni olish imkoniyatlari yaratilgan.
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimining bugungi kundagi faoliyati xususida Biznes-ombudsman devoni ma’sul xodimi Sardor Rahimberdiyev quyidagilarni ma’lum qildi.
– “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi hozirda tadbirkorlarimizning ishonchli axborot tizimiga aylangan. Ushbu tizim orqali ma’lumotlar nafaqat kompyuter, balki maxsus mobil ilova hamda telegram bot va sms-xabar orqali xam olinishi mumkin.
Axborot tizimida nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlar faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslari haqida ma’lumotlar mavjud. Bu o‘z navbatida tadbirkorlarga tekshiruvchi mansabdor shaxslarning maxsus guvoxnoma raqami yoki ismi va familiyasini tizimga kiritish orqali nazoratchilarning nazorat tadbirlarini o‘tkazishga vakolati bor yoki yo‘qligini aniqlash imkonini beradi.
Qolaversa, o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishlari uchun tadbirkorlarga o‘tkazilgan tekshiruvlar bo‘yicha nazorat organi xodimining xatti-harakatiga baho berish va korrupsiya holatlari haqida shikoyat berish imkoniyati yaratilgan.
Ana shunday imkoniyatlardan foydalangan tadbirkor, “ODS” MCHJ (korxona nomi o‘zgartirilgan) rahbari “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi xodimlari tomonidan faoliyatida noqonuniy tekshiruv o‘tkazilganidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat yo‘lladi.
Aniqlanishicha, tadbirkorlik sub’ektida “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi rahbarining buyrug‘iga asosan 2024 yilning 10 yanvar kunidan boshlab 3 kun muddatda tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Vaholanki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasiga ko‘ra, Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlari Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shartligi belgilangan.
Biroq, “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi xodimlari N.D., E.U. va B.A. tomonidan “ODS” MCHJ (korxona nomi o‘zgartirilgan) faoliyatida qonunning 39-moddasida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilmagan holda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan noqonuniy tekshiruv o‘tkazilgani aniqlandi.
Shu bois, tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida noqonuniy tekshiruv o‘tkazilgani uchun “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi xodimlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-2 moddasiga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Shu o‘rinda, tadbirkorlardan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tishlari va nazorat qiluvchi organlar xodimlarining noqununiy harakatlari aniqlangan holatlari yuzasidan Biznes-ombudsmanga o‘z vaqtida murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz.
