Xushbo‘y iforlar yurti – Fransiya nega aynan O‘zbekistonni sheriklikka tanladi?

Xushbo‘y iforlar yurti – Fransiya nega aynan O‘zbekistonni sheriklikka tanladi?

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, iqtisodiy aloqalarda – yurtimizda so‘nggi davrda investision muhitning sezilarli darajada yaxshilangani, tadbirkorlikka yaratilayotgan imkoniyatlarning kengaygani ham samarali omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘sish sur’atlari oshdi... Minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi... Ko‘lam jihatdan tengi yo‘q loyihalarga qo‘l urilmoqda... Xorijiy investisiyalar jalb etilyapti... Bu iboralar – O‘zbekistonning bugungi iqtisodiy manzarasi uchun g‘oyat yorqin ifoda. Inchunin, xorijiy sarmoyalar haqida so‘z borarkan, bugun O‘zbekistonga investisiya kiritayotgan mamlakatlar jo‘g‘rofiyasi – yetti iqlimning istalgan burchidan, desak mubolag‘a bo‘lmas: qay biri hali loyiha holida, boshqasi esa allaqachon yo‘lga qo‘yilib ulgurdi. Rossiya, AQSH, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Germaniya, Koreya, Belarus va hokazo... Mamlakatlar sanog‘i talaygina, biroq ayni shu kunlarda esa bu uzun ro‘yxatlar orasida fransuz korxonalariga bo‘lgan e’tibor bo‘lakcha. 

Namuna sifatida faoliyatiga aynan O‘zbekistonda start berilgan parfyumeriya sanoatiga ixtisoslashgan korxonani keltirmoqchimiz. Bir yil avval tashkil etilganiga qaramay, ushbu ishlab chiqarish quvvatining hozirdanoq natijalari chakki emas.

Shu o‘rinda biroz chekinish qilsak. Bilamizki, Fransiya tom ma’noda xushbo‘y iforlar yurti. Aynan o‘sha o‘lkada, aniqrog‘i, Nissa shahridan 30 chaqirim beriroqda – jahonning chinakam parfyumeriya poytaxti qad rostlagan. Uni Grass deydilar. Shaharcha va uning atrof-javoniblarida olamga mashhur fransuz atirlariga ishlatiladigan asosiy unsur – xushbo‘y moylar tayyorlanadi. Buning ta’rifi-yu tarixi – oz emas-ko‘p emas, to‘rt asrdan oshgan. Darvoqe, yakto-yu yagonalik shu bilan cheklanmaydi. Parfyumeriya sanoati uchun mutaxassislar tayyorlaydigan dunyodagi bitta-yu bitta oliy o‘quv yurti ham faqat faranglarda – Versal shahrida joylashgan. Shu kabi qiziqarli faktlarga tayanadigan bo‘lsak, fransuz mutaxassislari aynan O‘zbekistonni sherik sifatida tanlaganida ham bir xislat bor, deb yuborasan. 

– Hamma gap shundaki, O‘zbekiston – iqtisodi izchil rivojlanib borayotgan mamlakat. Davlat esa sarmoyadorlarga – u xoh yer, xoh huquqiy masalalar va yoxud bank kreditlari yo‘nalishlarida bo‘lsin, har tomonlama ko‘mak berib kelmoqda. Men bu yerda biznes rivoji uchun hech qanday to‘siq ko‘rmayapman. Aksincha, bugun mamlakat dunyo uchun ochiqlik siyosatini tanlagan, bu esa –istiqbolda yangi bozorlar ham paydo bo‘ladi, degani. Muhimi, bunday amaliy muloqot davom etmoqda. Davlat ham, hukumat ham, joylardagi mahalliy ma’muriyatlar ham – tashabbus va harakatlarimizni mudom qo‘llab-quvvatlashmoqda, – deydi fransiyalik xorijiy sarmoyador Nikolyas Van Bek.

Korxonada ko‘p texnologik jarayonlar avtomatlashtirilgan. Lekin, parfyumeriya sohasida hamma ishni texnikaning yelkasiga ortolmaysan. Ayniqsa, ishning nozik jarayonlarida inson omili muhim o‘rin tutadi. Ishlab chiqarishda esa, bugun oz emas-ko‘p emas, 48 nafar ana shunday noyob kasb egalari mehnat qiladi.

– Shuni aytmoqchi edimki, qayerda samarali islohotlar davom etarkan, o‘sha yerda imkoniyat ham shunga yarasha bo‘ladi, – deydi Nikolyas Van Bek. – O‘zbekistonda esa bozor talabiga ko‘ra malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. O‘z o‘rnida biz ham xodimlar malakasini oshirish uchun Fransiyadan yetuk ekspertlarni jalb etishga tayyormiz. Birgalikda innovasion loyihalarni joriy etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz natijasida bozorni sifatli va arzon kosmetik vositalar bilan ta’minlaymiz, degan umiddamiz. 

Bu gaplarga birgina qo‘shimcha qilmoqchi edik. O‘zbekning jannat zaminidan ungan xomashyo hamda fransuzlarning malaka va tajribasi bilan uyg‘unlashib, bozorlarimizda hali ko‘p yillar yoqimli ifor taraladi, degan ezgu umidlar ham yo‘q emas. Bugungi misol ko‘z oldimizda qad rostlayotgan yangi siyosat mahsuli bo‘lmish ishonch va manfaat daraxtining mevalaridan biri, xolos...

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi 

Axborot-tahlil multimedia markazi bilan 

hamkorlikda tayyorlandi

 

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!