XTV 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilaridan o‘z vaqtida pasport olishni so‘radi

XTV 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilaridan o‘z vaqtida pasport olishni so‘radi

Xalq ta’limi vazirligi 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilaridan o‘z vaqtida pasport olishni so‘radi. Bu haqda vazirlik tomonidan e’lon qilingan ma’lumotda aytilgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilindi. 

Onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport ma’lumotlari (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami - JSHSHIR)ni kiritish talab etiladi. Shu bois, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarurligi aytilgan.    

Ta’kidlanishicha, bu jarayonda Xalq ta’limi vazirligi DTM bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, OTMga hujjat topshirish uchun bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida attestat.uzedu.uz elektron bazasi DTM abitur.dtm.uz sayti bilan integrasiya qilingan.

Ma’lum qilinishicha, joriy o‘quv yilida maktablarni 437 mingdan ortiq o‘quvchilar bitiradi. Bugungi kunda bitiruvchilar elektron ma’lumotlar bazasi - attestat.uzedu.uz saytida 16 yoshga to‘lgan 153 mingdan ortiq bitiruvchilar (35 foiz) pasport olmagan.

“Hurmatli ota-onalar, bitiruvchi yoshlar. Fuqarolik huquqidan foydalangan holda 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarining o‘z vaqtida pasport olishini ta’minlashingizni so‘raymiz. Maktab ma’muriyatidan esa bitiruvchilarning pasport ma’lumotlarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritib, ularga kelgusida oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarini topshirishda ko‘maklashishga chaqiramiz”, deyiladi ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar pasport olish uchun o‘zlari doimiy ro‘yxatda turgan hududdagi ichki ishlar organlarining Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalariga murojaat qilishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!