EIda boshpana ololmagan migrantlar O‘zbekistonda saqlanadimi?
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan mamlakatda boshpana olishi rad etilgan migrantlarni saqlash markazlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqida ma’lumotga ega emas. Bu haqda RIA Novostiga mamlakat tashqi siyosat idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Ushbu masala bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqida ma’lumotga ega emasmiz”, — dedi vazirlikdagi suhbatdosh "Politico" xabariga munosabat berar ekan.
Avvalroq "Politico" diplomatik manbalarga tayanib, Yevropa Ittifoqi blokdan tashqaridagi sakkiz-o‘nta davlatga, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekistonga murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi
Gap YEI mamlakatlarida boshpana olishi rad etilgan migrantlarni saqlash markazlarini tashkil etish haqida bormoqda.
Gap shundaki, YEIda boshpana so‘ragan ayrim migrantlarga rad javobi berilsa ham, ularni kelgan mamlakatiga darhol qaytarish oson emas. Masalan, hujjat, xavfsizlik yoki qabul qilish bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun Yevropa davlatlari bunday odamlarni vaqtincha YEIdan tashqaridagi maxsus markazlarga joylashtirish g‘oyasini muhokama qilmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gresiya bunday markazlarni muhokama qilmoqda. Hamkor davlatlarga esa rivojlanish sohasida yordam va viza rejimini liberallashtirish bo‘yicha imkoniyatlar taklif qilinishi mumkin.
Avvalroq Qozog‘iston TIV ham mamlakatda YEIda boshpana olishi rad etilgan migrantlar uchun markazlar ochilishi haqidagi xabarlarni rad etgan edi.
