Xorazmda mojaro: alamzada oshiq sevgan qiziga uylangan erkakka xotinining behayo suratlarini jo‘natdi
Yangibozor tumanining “Ocha qal’a” mahallasida yashaydigan Sobir Xolmatov ham oilaviy qadriyatlarga bepisand munosabatda bo‘ldi, aniqrog‘i, u muhabbat singari bebaho tuyg‘uni pul bilan o‘lchadi. Bu jarayonda u nafaqat axloq-odob me’yorlarini, balki qonun talabini ham qo‘pol tarzda buzdi. Tanishi bo‘lgan qizning sirlarini oshkor etmaslik uchun naqd 2 ming dollar miqdorida pul talab qildi. Aks holda…
O‘shanda S. Xolmatov gurlanlik Nilufar Sharipova (ism-shariflar o‘zgartirilgan)ning qarindoshlari xonadonida ishlar, yaqin orada oila qurish niyatini esa, yashirmasdi. Uning bu niyatidan Nilufarning xolasi Zevar opa ham xabar topadi. Zevar opa hayallamay S. Xolmatovning qo‘yniga qo‘l soladi. Niyati qat’iy ekanini bilgach, jiyani Nilufar bilan uchrashtiradi. Oradan ko‘p o‘tmay ikki yoshning ko‘nglida iliq munosabat paydo bo‘ladi.
Shundan so‘ng S. Xolmatov ishlab, ro‘zg‘or yukini yengillatish va bo‘lg‘usi to‘y uchun mablag‘ jamg‘arish maqsadida 2020 yilning noyabr oyida xorijga jo‘nab ketadi. Oradan yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, u qaytib keladi va yana Nilufar tomon oshiqadi. Ammo Nilufar unga opasi bilan gaplashib olishi zarurligini aytadi. S. Xolmatov Nilufarning opasi bilan uchrashadi. O‘z navbatida, opa gapning dangalini aytadi, to‘g‘rirog‘i, og‘ir shart qo‘yadi: singlimni ko‘p qavatli uyda yashaydigan, o‘qimagan odamga hech qachon turmushga bermaymiz!
Buni eshitib, S. Xolmatovning orzui sarobga aylanadi. Ammo u baribir bo‘sh kelmaydi. Dardini Nilufarga to‘kib soladi. Ammo S. Xolmatovning aytishiga qaraganda, keyinchalik voqealar oqimi o‘zgacha o‘zanga ko‘chgan.
Nilufarning o‘zi ham og‘ir shartlarni o‘rtaga qo‘ygan. U S. Xolmatovdan pul va tilla taqinchoqlar olib berishni talab qilgan. S. Xolmatov uning talabini to‘liq ado etgani, sarf-xarajatlarning umumiy miqdori 2 ming AQSh dollariga yetganini alohida ta’kidlaydi. Ma’lum bo‘lishicha, Nilufar ham S. Xolmatovning so‘zini yerda qoldirmagan, ular Urganch shahridagi yaqin tanishlari xonadonida pinhona uchrashib turishgan.
Shunday uchrashuvlarning birida S. Xolmatov Nilufar allaqachon o‘z iffatini yo‘qotganini bilib qoladi. U bunga izoh so‘raganda, Nilufar turli xil bahonalarni qalashtirib tashlaydi. Biroq bunga qaramay S. Xolmatov baribir niyatidan qaytmaydi, unga uylanishga so‘z beradi.
Shundan so‘ng Nilufar S. Xolmatovdan uyiga sovchilar yuborishni talab qiladi. Ammo hadeganda sovchilardan darak bo‘lmaydi. Shu orada tomonlarni yana nizoga yetaklagan boshqa bir jiddiy voqea ham ro‘y beradi. Nilufar S. Xolmatovga qo‘ng‘iroq qilib, uyiga Sardor Matkarimov degan yigitdan sovchilar kelib-ketgani, unga turmushga chiqishiga ota-onasi ham, o‘zi ham rozi ekanini ma’lum qiladi.
S. Xolmatov buni eshitib, hushi boshidan uchadi. U o‘zini aldangandek his etadi va Nilufarni jiddiy ogohlantiradi: Sardordan voz kechmasa, bir necha hafta muqaddam pinhona uchrashuvda ma’lum bo‘lgan holat va boshqa dalillarni oshkor qilaman, deydi.
Buni eshitib, tabiiyki, Nilufar ham nochor ahvolga tushib qoladi. Shu bois u S. Xolmatovga inon-ixtiyori o‘zida emas, balki ota-onasi va boshqa yaqinlarining qistovi bilan turmushga chiqayotganini tushuntiradi.
Lekin oradan ko‘p o‘tmay Yangibozor tumanining Oyoqdo‘rmon qishlog‘ida katta to‘y bo‘ladi. Buni ko‘rib, S. Xolmatov alamdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi, qahr bilan Nilufarga o‘zining g‘araz niyatini aytadi.
Nilufar esa, unga o‘rtadagi rishta uzilgani, buyog‘iga o‘zining shaxsiy turmushiga aralashmaslikni talab qiladi. Ammo S. Xolmatov bunga unamaydi — shum niyatini amalga oshirishga kirishadi. U kuyov bo‘lmish Sardorga qo‘ng‘iroq qilib, Nilufar bilan o‘rtalarida kechgan voqeani aytib beradi. Sardor bunga ishonmaydi. Shundan so‘ng S. Xolmatov uning qo‘l telefoniga Nilufarning behayo suratlarini yuboradi. 17 ta suratni ko‘rib, Sardor g‘azab va qahr bilan Nilufardan izoh talab qiladi.
Nilufar esa, bu suratlarning bari soxta va yasama ekanini ta’kidlashdan charchamaydi. Yo‘q, suratlar qalbaki emasdi. Buni pirovardida sud va tergov jarayonida Nilufarning o‘zi ham tan oldi.
Uning aytishicha, S. Xolmatov bu suratlarni oshkor qilmaslik evaziga 20 million so‘m talab qilgan.
Qisqasi, Nilufarning oilasi buziladi, u ota uyiga qaytib keladi.
Shundan so‘ng ham S. Xolmatov g‘araz niyatidan qaytmagan, Nilufarni hol-joniga qo‘ymay undan 20 million so‘m berishni talab qiladi. Hayoti parokanda bo‘lgan Nilufarning ham sabr kosasi to‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi idoraga murojaat qiladi.
Qisqasi, Nilufar S. Xolmatovga 20 million so‘m berishga rozi ekanini aytadi. Bundan S. Xolmatov xursand bo‘ladi. Ular o‘sha kunning o‘zidayoq Yangibozor tumani markazidagi istirohat bog‘i yaqinida uchrashadilar.
Nilufar va’da qilingan 20 million so‘mning 18 millionini uning qo‘liga beradi. S. Xolmatov pulning qolgan qismini ham tezroq berishni talab qiladi.
Biroq S. Xolmatov pulni olib, uzoqqa ketishga ulgurmaydi, u jinoiy qilmish ustida qo‘lga tushadi. Ammo u qilmishi fosh etilsa-da, aybini to‘liq tan olmaydi. Nilufar qarzining 18 millionini qaytarganini, yana ikki million so‘m berishi lozimligini ta’kidlaydi. Uning bu vajlari sud va tergov jarayonida sinchiklab tekshirib chiqildi. Yo‘q, fakt va dalillar uning bu vajini tasdiqlamadi, aksincha, rad etdi. Shu bois sud unga nisbatan Jinoyat kodeksining shaxsiy hayot daxlsizligini buzishga oid 141-1-moddasi 2-qismining og‘ir oqibatli qilmishni ifodalovchi “a” bandi va tovlamachilikka taalluqli 165-moddasi 1-qismi bo‘yicha qo‘yilgan aybni e’tirof etdi.
O‘rni kelganda shuni qayd etish joizki, insonning shaxsiy hayotiga daxldor sirni oshkor etishga hech kimning haqqi yo‘q. Qonun talabiga ko‘ra, bunday qilmish tegishli jazoga sabab bo‘ladi.
Sud S. Xolmatovning qilmishini atroflicha muhokama qildi.
Jabrlanuvchi va guvohlarning xolisona ko‘rsatmalariga suyandi. Bu jarayonda ham ko‘pgina holatlarga oydinlik kiritildi. Xususan, ushbu qilmish uning oldini olish imkoniyati mavjud bo‘lgan bir vaziyatda ro‘y bergani ayon bo‘ldi. Sudda jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatma bergan S. Matkarimovning ta’kidlashicha, xonadoniga kelin bo‘lib tushgan N. Sharipova undan haqiqatni atay yashirgan. Agar N. Sharipova boshidan kechirgan voqealarni o‘z vaqtida aytganida, to‘y bo‘lmas, pirovardida hech kimning boshi g‘alvaga qolmas, ish esa, sud va tergovgacha yetib kelmasdi.
Sudda Yangibozor tumani “Ocha-qal’a” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Z. Qo‘shoqova sudlanuvchi va uning oilasi a’zolarini ijobiy tarafdan ta’rifladi.
Sud ushbu holatlarning barini qonun tarozusiga qo‘ydi. Aybni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi jihatlarga aniqlik kiritdi va sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining yuqorida qayd etilgan moddalari asosida jazo tayinlashni lozim topdi. Ayblanuvchi Jinoyat kodeksning har ikkala moddasi bo‘yicha 3 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining appelyasiya hay’ati dastlabki bosqich sudining shu yuzadan chiqargan hukmini o‘zgarishsiz, mahkumning shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirdi.
Tomonlarga ushbu jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni fuqarolik sudi orqali undirish huquqi tushuntirildi.
Muqaddas va mo‘’tabar oila qo‘rg‘oniga bepisand munosabatda bo‘lish oqibati shunday yakun topdi.
Bu o‘z navbatida, katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar dunyoqarashida oilaviy qadriyat va an’analarni yanada chuqurroq singdirish lozimligini ko‘rsatadi. Holbuki, oila tinch va mustahkam bo‘lsa, jamiyatimiz ham rivoj topadi, farzandlar barkamol inson bo‘lib voyaga yetadi.
Muzaffar Samandarov,
Xorazm viloyati sudi sudyasi