Xodimlar maoshini o‘zlashtirgan bog‘cha direktorining qilmishlari fosh bo‘ldi...

Xodimlar maoshini o‘zlashtirgan bog‘cha direktorining qilmishlari fosh bo‘ldi...

Maktabgacha ta’lim muassasasida mas’ul lavozimda ishlaydigan ayol muqaddam pora olish jinoyatini sodir qilib, 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan, jarima jazosi tayinlangan bo‘lishiga qaramay o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan ko‘rinadi. Yo‘qsa, yana qayta “jinoyat ko‘chasi”dan yurib, bu gal o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda mansab soxtakorligi jinoyatlariga qo‘l urmagan bo‘lardi...

Sudlanuvchi ayol davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti vaqtincha bajaruvchi direktor lavozimida ishlab kelgan. U davlat organining mansabdor shaxsi hisoblanib, o‘zining manfaatlari yo‘lida g‘araz maqsadiga erishish niyatida zimmasi yuklatilgan mansab vakolatlaridan foydalanadi. Muassasada supuruvchi vazifasida ishlovchi xodimni xabardorligisiz, uni 1,0 stavka tarbiyachi yordamchisi vazifasiga o‘tkazish haqidagi soxta buyruqni rasmiylashtiradi. Ushbu buyruq asosida xodimni tarbiyachi yordamchisi vazifasida ishlanganligi haqidagi oylik ish tabellariga soxta ma’lumot kiritadi. Shu asosda unga bir oyi uchun hisoblangan 1.235,0 ming so‘m oylik ish haqini qo‘lga kiritib, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Shuningdek, sudlanuvchi jinoiy harakatlarini davom ettirib, bir fuqaroni muassasaga supuruvchi vazifasiga qabul qilish haqidagi soxta buyruqni rasmiylashtiradi. Fuqaroni aslida ushbu vazifani bajarmaganligini bila turib, go‘yoki uni ikki oy ishlaganligi haqidagi oylik ish haqi tabellariga soxta ma’lumot kiritadi. Uning ishdan bo‘shash haqidagi arizasini qalbakilashtirib, shu asosda jami 1.806,1 ming so‘m oylik ish haqini o‘zlashtirib, yana byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Sudlanuvchining qilmishlari shu bilan yakuniga yetmaydi. U muassasa tarbiyachisini muassasa sobiq rahbarining buyrug‘iga asosan o‘z hisobidan ta’til berilganligini bilgani holda galdagi rejaga qo‘l uradi. Ya’ni, tarbiyachining xabardorligisiz, uni 1,0 stavka tarbiyachi lavozimiga qaytarish haqidagi va unga yana 0,5 stavka qo‘shish haqidagi buyruqlarni boshqa sana bilan muassasa sobiq direktorining nomidan uning imzolarini soxtalashtirgan holda rasmiylashtiradi. Tarbiyachi amalda ishga chiqmay, o‘z xizmat lavozim vazifasini umuman bajarmagan bo‘lsa-da, uni uch oy ishlaganligi haqida oylik ish tabellariga takroran soxta ma’lumotlar kiritadi. Natijada tarbiyachining ish haqini o‘zlashtirib, jami 8.156,0 ming so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

“QILMISHIMDAN PUSHAYMONMAN”

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga iqror bo‘ldi...

- Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi bosh nazoratchisi tomonidan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tgan davr mobaynida “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa sohaviy normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi hamda byudjet mablag‘larini maqsadli sarflanishi bo‘yicha moliyaviy nazorat tekshirishi o‘tkazildi. Unda ish faoliyatim davomida 3 nafar xodimlar tomonidan xizmat lavozim vazifalarini bajarilmagan bo‘lsa-da, ish haqlari ortiqcha to‘langanligi aniqlandi. Jumladan, tashkilot tarbiyachisi buyruq bilan mendan oldingi direktor vazifasini bajaruvchi bo‘lgan shaxsning nomidan 1,0 stavka ishga qabul qilib, unga shu kundagi buyruq bilan 0,5 stavka tarbiyachi vazifasini yuklab, uning nomidan buyruqni imzolagan holda topshirganman. Lekin, tarbiyachining o‘zi ishga kelmagan va olgan oyligini menga tashlab ketgan. Xodimga hisoblangan jami 8.156,0 ming so‘mga qurilish mollari olib, tashkilotni ta’mirtalab bo‘lgan joylarini usta jalb qilishga sarflaganman.

Shuningdek, bir fuqaroni tashkilotga supuruvchi vazifasiga ishga qabul qildim. Uning oylik ish haqini plastik karta orqali olganman. Bu pullarni ham tashkilotning ehtiyojlari uchun sarflaganman hamda uning nomidan o‘zim ariza yozib ishdan bo‘shatganman. Fuqaro ariza yozmagan, uning nomiga ish haqi hisoblanganidan xabari bo‘lmagan. Fuqaroga hisoblangan jami 1.806,0 ming so‘m mablag‘larni ham o‘zim olib, ularni muassasa xarajatlariga ishlatganman.

Shu bilan birga, tashkilotda supuruvchi bo‘lib ishlagan ayolga tarbiyachi yordamchi vazifasini yuklaganman. Bu vazifada ishlamagani uchun uning ish haqini ham tashkilot ehtiyojlariga sarflaganman. Ishlagan davrimda tashkilot binosi eski bo‘lgan va har doim qandaydir kamchiliklar bo‘lib turgan. Mazkur kamchiliklarni to‘g‘rilash uchun yuqorida ko‘rsatilgan ish haqlarini sarflaganman. Biror so‘mini ham o‘z manfaatlarim uchun ishlatmaganman.

Hozirgi kunda qilmishimdan pushaymonman. Yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan.

JARIMA DAVLAT FOYDASIGA UNDIRILISHI BELGILANDI

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish ѐki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilish va 16 200 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilandi.

Alisher Jalilov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Yakkasaroy tuman sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!