Xitoy milliy kengashi O‘zbekistonni chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaydi

Xitoy milliy kengashi O‘zbekistonni chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaydi

BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Xitoy Xalq Respublikasining qum bo‘ronlari va cho‘llarni nazorat qilish bo‘yicha milliy kengashi raisi An Fendzi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda yerlarning degradasiyasi va barqaror yer boshqaruvi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, jumladan, tajriba almashish va O‘zbekistonning chang va qum bo‘ronlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, Xitoy Xalq Respublikasining qum bo‘ronlari va cho‘llarni nazorat qilish bo‘yicha milliy kengashi Xitoyda cho‘llanishning oldini olish bo‘yicha yagona jamiyat bo‘lib, 1992 yilda tuzilgan. Faxriy rais – Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Syu Szyalu. Jamiyat yaratish to‘g‘risidagi qaror 1950 yilda Xitoyning g‘arbiy qismida kuchli qum-chang bo‘ronlari sodir bo‘lganidan keyin paydo bo‘lgan.

Ta’kidlash joizki, kengash milliy darajadagi akademik, jamoat va notijorat tashkilotdir. Uning tarkibiga cho‘llanishga qarshi kurash sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, olimlar, tadbirkorlar kiradi.

Yig‘ilishda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan cho‘llanish va qum bo‘ronlariga qarshi kurashish strategiyasi qabul qilingani, unda fermerlar va xususiy sektor uchun yaylovlarni subsidiyalash, shaxsiy yaylovlarni taqiqlash nazarda tutilgani, chorva mollarini ko‘paytirish va jamoaviy chorvachilikni yaratish (sovxozlarni tashkil etish), shuningdek, ilgari haydalgan yer uchastkalarida o‘rmon va o‘t qoplamini tiklash ta’kidlandi.

O‘z navbatida Aziz Abduhakimov Xitoy tomonini O‘zbekistonning janubiy qismida chang va qum bo‘ronlari tahdidlarining kuchayishi va boshqa hududlarda ham jadalligi hamda milliy tashabbus doirasida bu ekologik muammoga qarshi kurash bo‘yicha nazorat choralaridan biri — "Yashil makon” va uning respublikada amalga oshirilishining borishi haqida batafsil ma’lumot berdi. Vazir, shuningdek, jamiyat yer va umuman tabiat bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida Ekologiya vazirligi va jamiyat o‘rtasida cho‘llanish va yerlarning degradasiyasiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik to‘g‘risida Memorandum ishlab chiqish va imzolash orqali tez orada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!