Xitoy insonsimon robotlar uchun ma’lumot markazlari tarmog‘ini qurmoqda
Xitoy insonsimon robotlarni o‘qitish uchun ma’lumot to‘plash markazlari tarmog‘ini yaratishga kirishdi.
Mutaxassislar fikricha, bu sohadagi asosiy muammolardan biri — ma’lumotlar yetishmasligi bo‘lib, aynan shu omil antropomorf robotlarni ommaviy tijoratlashtirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Ushbu muammoni hal etish maqsadida Xitoy multimodal ma’lumotlarni yig‘ishga mo‘ljallangan keng qamrovli milliy tarmoqni shakllantirmoqda. Bu markazlar turli sensorlar yordamida robotlar uchun real muhitdagi harakatlar va jarayonlar haqida katta hajmda ma’lumot to‘playdi.
Jumladan, Szigun shahrida 6 ming kvadrat metr maydonni egallagan markaz tashkil etilgan. U tork (aylanish kuchini o‘lchash) sensorlari, RGB-D tizimlari va lidarlar bilan jihozlangan bo‘lib, bir kunda 15 mingtagacha, yiliga esa 3 milliongacha ma’lumot yozuvlarini yaratish imkoniga ega.
Yig‘ilgan ma’lumotlar asosan sanoat sohasida qo‘llaniladigan robotlarni o‘qitishda ishlatiladi.
Shu bilan birga, Xitoy insonsimon robotlar va “jismoniy ifodalangan” sun’iy intellekt uchun ishlab chiqarish zanjiri va hayot siklini qamrab olgan ilk milliy standartlar tizimini ham taqdim etdi.
Mutaxassislar fikricha, bu qadamlar Xitoyning robototexnika va sun’iy intellekt sohasida global yetakchilardan biriga aylanishini tezlashtirishi mumkin.
