«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi qoshida R&D tadqiqotlar markazi o‘z ishini boshladi

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi qoshida R&D tadqiqotlar markazi o‘z ishini boshladi

Yaqinda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi qoshida R&D tadqiqotlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda ta’kidlanganidek, qurilish materiallari sanoatida ilm-fan yutuqlarining keng joriy qilinishi tarmoqda qo‘shimcha qiymatga ega, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruvi raisining maslahatchisi Bahodir Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu markaz faoliyati ham ishlab chiqarish korxonalari hamda soha olimlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirish, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining asoslangan tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatini ochib berishga xizmat qiladi.

– R&D tadqiqotlar markazi tayyor, ilmiy asoslangan loyihalarni shakllantirish va ularni tijoratlashtirish jarayonini o‘zaro uzviylashtirib boradi. Shuningdek, «The higher education», «Quacquarelli symonds», «Springer» singari ilmiy reyting beruvchi yirik agentliklar tavsiyalari asosida olim va izlanuvchilarning tadqiqotlari natijalarini ilmiy jurnallarda e’lon qilishga amaliy yordam beradi. Markaz doimiy tarzda sohaning asosiy tadqiqot yo‘nalishlarini aniqlash yuzasidan tahlillar o‘tkazadi va takliflar ishlab chiqadi. Shu tariqa, ushbu dargoh oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida "ko‘prik" bo‘lib xizmat qiladi, – dedi B.Ismoilov.

Shuningdek, bu yerda yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish, texnologiyalar transferi va ularni mahalliy sharoitda qo‘llashning samaradorligini o‘rganish, energiya tejamkorlik, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qattiq maishiy chiqindilar utilizasiyasi kabi masalalarda takliflar ishlab chiqiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!