Uzoq vaqt tik turib ishlash zararli?!
So‘nggi paytlarda o‘tirgan holda ishlashga qarshi kurashish uchun turli xil moslamalar ishlab chiqilmoqda, jumladan, ofislar tik turib ishlashga mo‘ljallangan baland stollar bilan jihozlanmoqda. Bunday ishlash stol atrofida o‘tirishga qaraganda foydali deb hisoblanadi.
Avstraliyalik olimlar tadqiqot o‘tkazib, kutilmagan xulosaga keldi. Ma’lum bo‘lishicha, shuncha vaqt tik turib ishlash, o‘tirishdan ko‘ra foydaliroq emas, ba’zi hollarda hatto zararli ham.
Vertikal holatda juda uzoq vaqt bo‘lish potensial o‘limga olib keladigan kasalliklarning rivojlanish xavfini oshiradi, deb tushuntirdi mutaxassislar.
Tadqiqot davomida olimlar 83 mingdan ortiq britaniyalik katta yoshli kishilarning yurak va qon aylanish tizimi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qildi, ishtirokchilarning o‘rtacha yoshi 61 ni tashkil etdi. Ularning faolligi kun davomida bilaklariga taqib yuradigan moslamalar yordamida kuzatib borildi.
Tadqiqot mualliflari ancha vaqt tik turgan holatda bo‘lish uzoq muddatli istiqbolda yurak-qon tomir tizimi salomatligini yaxshilamasligini, aksincha qon aylanishi bilan bog‘liq muammolar xavfini oshirishini aniqladi.
Bunda har kuni ikki soat davomida tik turish qon aylanishi bilan bog‘liq muammolar ehtimolini deyarli oshirmagan. Biroq keyingi har yarim soatda bu xavf 11 foizga ko‘tarila boshlagan. Aksincha, 6-10 soat o‘tirgan odamlarda qon aylanishi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelish xavfi biroz kamaygan. “O‘n soat”dan ortiq o‘tirilgan har bir qo‘shimcha soat esa qon aylanishi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lish ehtimolini 26 foizga oshirgan.
Shuningdek, 12 soatdan ortiq harakatsiz holatda bo‘lish yurak qon-tomir kasalliklari xavfini soatiga 13 foizga ko‘paytirdi.