Navoiy javhari - Markaziy Osiyoda yagona tarixiy masjid haqida
Ayni damda Turizm qo‘mitasi, qo‘mitaning Navoiy viloyati boshqarmasi va Navoiy viloyati hokimiyati hamkorligida mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun Navoiy viloyatiga press-tur uyushtirilmoqda.
Press-tur davomida OAV xodimlari dastlab Mavlono Orif Deggaroniy ziyoratgohi bilan tanishishdi.
Mavlono Orif Deggaroniy ziyoratgohi (XI asr) Karmanadan 40-45 km shimoliy-g‘arbda joylashgan. “Dehgaron” forscha so‘z bo‘lib, «Qozon quyuvchi», «Qozon ustasi» degan ma’noni bildiradi.
Dehgaron masjidining o‘ziga xos jihati, undagi 4 ta ustun boshqa masjidlarda uchramaydi.
“Ibodatxonaning 9 ta gumbazi ana shu to‘rt ustunga joylangan va soyabonga o‘xshatib qurilgan. O‘ngda, chapda, o‘rtada va orqada naqshlar o‘rniga g‘ishtli tokchalar bo‘lgan. Bu tokchalarda zardushtlar ilohlari joylashtirilgan, - dedi Navoiy viloyati Sarmishsoy muzeyi ilmiy xodimi Ramazon Egamov. - Buxoro amiri Muzaffarxon davrida ibodatxona san’at asari sifatida e’tirof etilgan va masjidga aylantirilgan. Zardushtiylik o‘rnini islom dini muhiti egallagan”.
Ramazon Egamovning aytishicha, bunday masjid tarixiyligi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda ham yagona.
Masjidning yana bir o‘ziga xos jihati, o‘z davrida namlikni qochirish, kerakli shovqinni yanada jaranglatib berish uchun xumlar ko‘mib qo‘yilgan.
Mavlono Orif «Hazora» qishlog‘ida tug‘ilib o‘tgan xalifalardan biri bo‘lib, yoshligidan islomga bo‘lgan buyuk e’tiqodi tufayli Qur’oni Karimni yod olgan. U kishi XIV asrda 1320-1380 yillar oralig‘ida yashab o‘tgan, yetuk pir va din peshvosi, ruhiy mo‘’jizalar, karomatlar, bashoratlar ko‘rsatish qobiliyatiga, Hazrati Bahovuddin Naqshbandga teng keladigan pir bo‘lib, u kishida vahiylik sifatlari mujassam bo‘lgan.