O‘zini “katta”ning jiyani deb tanishtirgan firibgarga hukm o‘qildi
Ma’lumki, biz sudyalar kasbimiz taqozosi tufayli turli toifadagi jinoyatchilarga duch kelamiz. Ayniqsa, firibgarlikning turfa ko‘rinishlariga huquqiy baho berib, qonuniy jazo tayinlaymiz. Firibgarlar shunday ustamon, gapga chechan bo‘ladiki, ularning tuzog‘iga ilingan ancha-muncha shaxs chuv tushmay qolmaydi. Negaki, bu toifa kimsalar jabrlanuvchilarning ishonchini qozonish uchun hech qanday hiyla-nayrangdan tap tortishmaydi.
O‘zgalarni firib to‘riga ilintirish maqsadida hamtovoqlari orqali o‘zini davlat rahbarining jiyani sifatida tanishtirgan ustasi farangni birinchi bor ko‘rdim. Bu – zominlik hamyurtimiz, 41 yoshli Og‘abek Keldibekov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan).
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ayni paytgacha Og‘abek firibgarligi tufayli “bor-yo‘g‘i” 10 marotaba sudlangan, xolos. So‘nggi marotaba jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2014 yil 26 maydagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. Natijada kodeksning 59 va 61-moddalari tartibida 9.947.000 so‘m jarima hamda 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2020 yil 24 avgust kungi ajrimiga binoan, Jinoyat kodeksining 74-moddasi asosida o‘talmay qolgan jazosi oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolingan holda 7 yil 8 oy 2 kun muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Zomin tumani IIB Probasiya guruhining 2020 yil 6 dekabrdagi ma’lumotnomasiga asosan, o‘talmagan ahloq tuzatish ishi jazosi 7 yil 4 oy 29 kunni tashkil qiladi. Joriy yilning 23 mart kuni esa unga xuddi shunday jinoyati uchun o‘n birinchi marotaba qonuniy jazo tayinlandi.
Endi haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, bu gal Og‘abek kimlarni chuv tushirgandi?
Bu safar Og‘abek Keldibekov 2018 yilda Jizzax shahridagi jazoni ijro etish muassasasida o‘zi bilan birga “o‘tirgan” Jamoliddin Qurbonovni laqqa tushirdi. Hayratlanarlisi shundaki, u 2019 yilda jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan paytda firibgarlikka qo‘l urdi. Ya’ni, Jamoliddinning avtomashina olish niyatida yurganligidan xabar topib, unga qo‘ng‘iroq qiladi.
— Men “Malibu”imni sotmoqchiman. Shuni olsangizchi, hali deyarli ko‘p yurmagan, - deya Jamoliddinni avraydi. – Avval pulning bir qismini berasiz. Qolganini esa oz-ozdan qilib uzaverasiz.
Albatta, uning taklifi eski jo‘rasiga juda ma’qul keladi. Chunki “Malibu”ni birdaniga sotib olishga Jamoliddinning imkoni yo‘q edi-da. Binobarin, Jamoliddin go‘yoki uni ko‘rgani borgan kishi bo‘lib, jazoni ijro etish muassasasi oldida 10.000 AQSh dollarini beradi. Biroq shundan keyin Og‘abek bergan va’dasini unutib, avtomashinani og‘aynisining nomiga o‘tkazib bermaydi. Olgan pullarini esa allaqachon hazm qilib yuborgandi.
Shunga qaramay, Jamoliddin bu xususda hech kimga lom-mim demaydi. Lekin vaqt o‘tishi bilan boshqa bir firibgarligi uchun Og‘abekka jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangandagina, o‘zi ham huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qiladi.
Buni qarangki, 2020 yil 24 avgust kuni ozodlikdan mahrum qilish jazosi ahloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilib, ozodlikka chiqqach Og‘abek Keldibekov yana “eski hunar”ini davom ettiradi. Ya’ni, u bir guruh shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Ulug‘bek Ahmedovning pul mablag‘larini qo‘lga kiritish payiga tushadi.
Gap shundaki, Ulug‘bek Ahmedov yaqinlaridan biri Umid Tojiboyevning mas’uliyati cheklangan jamiyati orqali xorijiy mamlakatlardan banan mahsulotlarini keltirib sotish bilan shug‘ullanayotgandi. Navbatdagi 600 tonna banan mahsulotini esa Ulug‘bek 2020 yil 22 noyabr kuni Ekvador davlatidan olib kelib, bojxona to‘lovlarini to‘lagunga qadar o‘zining MCHJ omborxonasida saqlab turadi. Ana shu jarayonda bo‘lsa tadbirkor mahalliy bozorlarda boshqa bir MCHJ tomonidan respublikamizga olib kirilgan banan mahsulotlari ancha arzon narxda sotilayotganligidan xabar topadi. Shu sababli o‘zi ham kelgusida mahsulot tannarxi arzonlashishini o‘ylagan holda MCHJ orqali olib kirib sotishni ko‘zlaydi. Bu xususda tanish-bilishlaridan yo‘l-yo‘riq ham so‘raydi. Shunda Ulug‘bekning maqsadidan xabar topgan Og‘abek 2020 yil 24 noyabr kuni tanishlariga qo‘ng‘iroq qildirib, uni uchrashuvga chorlaydi.
— Biz sizning muammoingizni MCHJ orqali hal qilib beramiz. Bu davlat rahbarining jiyani bo‘lgan qadrdonimiz Og‘abekning qo‘lida. Yaqin kunlarda sizni uchrashtiramiz, o‘zingiz ishonch hosil qilasiz. Ungacha o‘n ming dollar tayyorlab qo‘ying. Faqat ishingiz bitsa, bizni ham quruq qo‘ymaysiz, - deb shart qo‘yishadi.
Shundan so‘ng 2020 yil 28 noyabr kuni o‘sha qo‘ng‘iroq qilgan yigit Ulug‘bek Ahmedovni Mirobod tumanidagi kafe yoniga chaqiradi.
— Hozir keladilar, pul yoningizdami? - deya so‘raydi “o‘rtakash” salom-alikdan keyin.
Ulug‘bek esa bunga javoban tasdiq ma’nosida bosh irg‘aydi. Shu mahal ayni savol-javob nihoyalamay turib, Og‘abek Keldibekov paydo bo‘ladi. E’tibor bering-a, u o‘ljani tezroq ilintirish va ishonchini qozonish maqsadida “Lexus” rusumli avtomashinada savlat to‘kib keladi. Haligi yigit esa uni Ulug‘bekka tanishtirgach, firibgar “qahramon”imiz og‘iz to‘ldirib gapira ketadi.
— Ishingiz to‘qson foizga hal bo‘ldi. Faqat indinga bir joyga kirib chiqishimiz kerak. Shunda muammo to‘liq yechiladi.
U shunday deb, Ulug‘bek Ahmedovdan 10.000 AQSh dollarini olib ketadi. Binobarin, tadbirkor yigit xotirjam ishini davom ettiraveradi. Ya’ni, 2020 yil 29 noyabr kuni yana Ekvadordan 400 tonna banan olib keladi. Keyin bojxona rasmiylashtiruvini Og‘abek amalga oshirishiga ishonib, mahsulotni o‘z omborida vaqtincha saqlab turadi. Biroq, 2020 yil 30 noyabr kuni soat tongda boshqa bir yigit unga qo‘ng‘iroq qilib, Og‘abek Keldibekovga yana 10.000 AQSh dollari berish lozimligini aytadi. Natijada Ulug‘bek pasport nusxasi bilan birga 10.000 AQSh dollarini “hojatbaror”ning qo‘liga tutqazadi. Lekin xadeganda muammo yechim topavermaydi. Og‘abek bo‘lsa shoshilmay turishini, tez kunda bojxona posti yoki MCHJ orqali ishni hal qilishini tayinlaydi. Biroq....
Biroq aytilgan muddatda yana hech qanday natija bo‘lmaydi. Shu bois aldanganini sezgan Ulug‘bek Ahmedov 2020 yil 1 dekabr kuni Og‘abek Keldibekovga qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizlik kengashi raisiga ariza bilan murojaat qiladi. Pirovadida pul oldi-berdisida o‘rtada turgan kimsa 2020 yil 5 dekabr kuni Yakkasaroy tumani, Abdulla Kahhor ko‘chasida joylashgan kafe yonida 20.000 AQSh dollarini qaytarib beradi. Shu payt Og‘abek kelib, muammoni hal qilolmagani uchun uzr so‘rab, keyin ketib qoladi. Oqibatda tezkor xodimlar shu kuniyoq uni qo‘lga olishadi. So‘ng aybdorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Buni qarangki, tergov-surishtiruv jarayonida Og‘abekning ukasi No‘’mon Keldibekov dastlabki jabrlanuvchi Jamoliddin Qurbonovga yetkazilgan zarar – 10.000 AQSh dollarini qoplab beradi. Binobarin, sud majlisida Jamoliddin Qurbonov sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qiladi. Pirovardida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ishdagi og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi barcha holatlarni inobatga olgan holda Og‘abek Keldibekovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topadi. Kodeksning 59, 60 va 61-moddalari tartibida asosiy jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2014 yil 26 maydagi hukmiga muvofiq tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish orqali uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari – 89.200.000 so‘m miqdorida jarima hamda 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi. Shu bilan birga, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 34-moddasi tartibida o‘ta havfli residivist deb topildi. Qolaversa, sud hukmida tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini maxsus tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilanadi.
Kezi kelganda shuni taassuf bilan ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda firibgarlik jinoyati ancha ortganini ko‘ryapmiz. Achinarlisi, aksariyat hollarda bu jinoyatni eski firibgarlar, ya’ni muqaddam ayni jinoyaga qo‘l urib, sudlanganlar sodir etmoqda. Ayrim yurtdoshlarimizning soddadilligi va ishonuvchanligi esa ular juda qo‘l kelmoqda. Ayniqsa, jabrlanuvchilarning firibgar pul yoki mol-mulk talab etgandayoq tegishli idoralarga murojaat qilmay, chuv tushgandan keyingina “dod” deyishi har qanday kishining dilini xira qiladi.
Shunday ekan, yurtdoshlarimizga azaldan tanimagan-bilmagan, sinovdan o‘tmagan kimsa bilan muloqot qilmaslikni maslahat bergan bo‘lardik.
Bahromjon BERDIYEV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo
Ulug‘bek tuman sudining sudyasi
