O‘zbekistonning silga qarshi kurash bo‘yicha tajribasi JSST tomonidan e’tirof etildi

O‘zbekistonning silga qarshi kurash bo‘yicha tajribasi JSST tomonidan e’tirof etildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiya Jenevada amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mamlakatimiz vakillari 194 davlatdan delegatlar ishtirok etgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi ishida faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, sil kasalligiga barham berish masalalariga bag‘ishlangan sessiya doirasida tashkil etilgan maxsus tadbirda ishtirokchilarning bor e’tibori O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish bo‘yicha vazifalarga qaratildi.

Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining silga qarshi kurash bo‘yicha yuqori darajadagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvga tayyorgarlik doirasida tashkil etiladigan interaktiv eshituvlar O‘zbekiston va Polsha tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Bu haqda vazir Amrullo Inoyatov o‘z nutqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan silga qarshi kurash xizmatini isloh qilish natijasida bugungi kunga qadar qariyb 130 ming kishining hayoti saqlab qolingani, kasallanish darajasi 43 foizga, o‘lim holatlari esa 84 foizga kamaydi.

Ayni paytda mamlakatimizda sil kasalligini aniqlash bo‘yicha 5 bosqichli zamonaviy laboratoriya tizimi yaratilgan. Ushbu kasallikning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash uchun zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlar davlat tomonidan bepul taqdim etiladi.

2023 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturiga muvofiq, 2023-2026 yillarda dori vositalari va sarf materiallari, tibbiy asbob-uskunalar, mutaxassislar tayyorlash va innovasion ilmiy tadqiqotlar uchun davlat byudjetidan 33 million dollar, xalqaro donorlar hisobidan 26,5 million dollar ajratish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning 13 ta ma’muriy hududida «O‘pka salomatligi» mobil brigadalari tashkil etilib, ular chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlar aholisini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.

Ftiziatriya va pulmonologiya xizmatlari integrasiyasi natijasida o‘pka kasalliklarini davolash uchun tibbiy yordam ko‘rsatishning universal va yuqori texnologiyali tizimi yaratilmoqda.

Vazir o‘z nutqida, shuningdek, mazkur tadbirda bildirilgan barcha fikrlar BMT Bosh Assambleyasining Siyosiy deklarasiyasiga kiritiladigan yakuniy takliflarni ishlab chiqishda inobatga olinishini ta’kidladi.

Tadbir so‘ngida O‘zbekistonning silga qarshi kurash tajribasi yana bir bor BMT tomonidan yuqori baholanib, boshqa davlatlar uchun namuna sifatida e’tirof etildi.

Eslatib o‘tamiz, JSST 2035 yilga borib sil kasalligidan o‘lim darajasini 95 foizga kamaytirish bo‘yicha strategik maqsadni qabul qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!