O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 35 mlrd dollarga yetdi
2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi bir yil davomida 5,7 mlrd dollarga o‘sib (reja qilingan 2,9 mlrd dollar o‘rniga), 34,9 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida aytiladi.
Taqqoslash uchun: 2017 yilda davlat qarzi 11,5 milliard dollarni tashkil etgandi (olti yil ichida bu ko‘rsatkich 3 baravar oshdi).
Iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha davlat tashqi qarzi 2023 yil oxirida quyidagicha ko‘rinadi:
- Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash — 11,6 milliard dollar, umumiy qarzning 33,2 foizi (2022 yil oxirida 8,6 milliard dollarni tashkil etgan);
- Energetika — 5,8 milliard dollar yoki umumiy qarzning 16,6 foizi (3 milliard dollar);
- Qishloq va suv xo‘jaligi — 2,8 milliard dollar (2,54 milliard dollar);
- Transport va transport infratuzilmasi — 2,8 milliard dollar (2,84 milliard dollar);
- Uy-joy kommunal xo‘jaligi — 2,6 milliard dollar (2,3 milliard dollar);
- Tadbirkorlik va sanoat ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash — 1,1 milliard dollar (1,1 milliard dollar);
- Kimyo sanoati — taxminan 900 million dollar (1 milliard);
- Ta’lim, sog‘liqni saqlash, telekommunikasiya — 2 milliard dollar (1,1 milliard);
- Boshqa tarmoqlar — 897 million dollar (0,91 milliard).
Qarzning deyarli 50 foizi byudjetni qo‘llab-quvvatlash va energiya uchun ketgan.
