O‘zbekistonlik ota 14 yil oldin yo‘qolgan o‘g‘lini Qozog‘istondan topdi
Qozog‘istonning Turkiston viloyati O‘rdabasi tumani polisiyachilari do‘kondan o‘g‘irlik sodir etganlikda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi, surishtiruv davomida erkak qo‘shni mamlakatdan ekanligi va u 14 yildan buyon Qozog‘istonda yashab kelayotgani, kamiga u yaqinlari tomonidan qidirilayotgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rdabasi aholi punktlaridan birida joylashgan oziq-ovqat do‘konida o‘g‘irlik kechasi sodir etilgan, deb xabar qiladi Sputnik Qozog‘iston.
Jinoyatchi do‘kon tomini buzib ochish orqali ichkariga kirgan va umumiy hajmi 100 ming tenge (260 dollar)dan ziyod turadigan oziq-ovqat mahsulotlarini o‘g‘irlab, hodisa joyini tezda tark etgan. Ushbu jinoyatni ochish uchun mahalliy polisiyachilar bir necha kun sarflaganlar. Natijada esa O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, bunga qadar polisiya bo‘linmasiga mahalliy fuqarolardan biri xuddi shu erkak ustidan uni do‘pposlaganlikda ayblab, shikoyat qoldirgan. Qo‘lga olingan shaxs ikkala holatda ham o‘z ayblarini inkor etmagan. Ammo shaxsi aniqlashtirilayotganida, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlardan faqatgina tug‘ilganlik haqida shaxodatnomaga egaligi ma’lum bo‘lib qolgan.
Metrikada keltirilgan ma’lumotlar tekshirilganida polisiyachilar kutilmaganda qo‘lga olingan shaxs 14 yildan buyon qo‘shni O‘zbekistonda bedarak yo‘qolgan shaxs sifatida qidiruvda ekanini bilib qolganlar. Qo‘shni mamlakatdagi hamkasblari bilan bog‘langan qozog‘istonlik polisiyachilar erkakning qarindoshlarini topishga muvaffaq bo‘ladilar. Shu kunning o‘zida qarindoshlari (otasi va akasi) Turkiston viloyatiga yetib keladi.
Men uni endi tirik ko‘rishdan umidimni uzgandim , - deb aytgan yigitning otasi Orif Xoshimov. Otaning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li metrikani olib, 2005 yilda uydan qochib ketgan va o‘sha vaqtdan buyon u haqida nom-nishon bo‘lmagan.
Ammo qochoq o‘g‘il va ota uchrashuvidan xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi, ayni vaqtda yigit hibsda, uning ustidan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Yigit sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tab bo‘lgach, oilasi bag‘riga qaytishi mumkin, deb yozadi nashr.