O‘zbekistonda yashaydigan nemislar masalasi bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonda yashaydigan nemislar masalasi bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekistonda yashaydigan nemislar masalasi bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo komissiyasining 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Uchrashuvda O‘zbekiston delegasiyasiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining maslahatchisi Olim Narzullayev, Germaniya delegasiyasiga esa Federal hukumatning ko‘chirilganlar va milliy ozchiliklar bo‘yicha komissari, Bundestag deputati Natali Pavlik boshchilik qildi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistondagi nemislar bilan o‘zaro hamkorlikning bir qator dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma kun tartibini muhokama qildilar hamda uzoq muddatli asosda o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy maqsad va vazifalarini belgilab oldilar.

Ma’lum qilinganidek, hozirgi kunda O‘zbekistonda 100 dan ortiq turli millat vakillari bilan bir qatorda jamiyat va davlatning to‘liq huquqli a’zosi bo‘lgan to‘rt mingdan ziyod etnik nemislar istiqomat qilib kelmoqda.

Komissiya hamraisi Natali Pavlik yig‘ilishning ochilish qismidagi nutqida O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosatini, xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqalarni kengaytirishni yuqori baholadi. "O‘zbekistonni Germaniya va Yevropa Ittifoqining eng muhim strategik sheriklaridan biri sifatida bilamiz. Germaniya tomoni O‘zbekiston bilan turli yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor", dedi u.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi maslahatchisi Olim Narzullayev o‘z navbatida, O‘zbekistondagi milliy madaniy markazlar, jumladan, O‘zbekiston nemislarining "Wiedergeburt" madaniy markazi faoliyati, shuningdek, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, respublikada yashovchi barcha millat va elat vakillarining tili, milliy madaniyatini rivojlantirish va asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga doir 70 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qo‘shilgani davlat har bir fuqaroning farovon hayotini ta’minlashdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Mamlakatimiz bosh konsuli Olimjon Abdullayev yig‘ilganlarga O‘zbekiston tashqi siyosatining dunyodagi vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Tomonlar, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, yoshlar bilan ishlash, savdo-investisiya loyihalarini muhokama qildilar.

Germaniya tomoni etnik nemislarning madaniyati va an’analarini rivojlantirishga ko‘maklashish, yoshlar, biznes, fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, muhtojlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!