O‘zbekistonda xalqaro kinofestival ish boshladi

29 sentyabrdan 2 oktyabrga qadar poytaxtimizda “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston uchun “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Bu keng ko‘lamli tadbir qayta tiklanganidan buyon uchinchi yildirki, butun dunyo kinoijodkorlarini birlashtirmoqda. O‘tgan yili festivalda 500 dan ortiq kinoijodkorlar ishtirok etgan edi. Bu yil tadbir ko‘lami bundan ham keng bo‘lishi kutilmoqda. Tadbirlar poytaxtda ham, Samarqandda ham bo‘lib o‘tadi. Bugundan kinofestival o‘z ishini boshladi.
Kinofestivalning rasmiy ochilish marosimida Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov so‘zga chiqib, o‘tkazilishi kutilayotgan tadbirlar hamda kinematografiya sohasida so‘nggi yillarda bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirdi.
“Ikki yil avval Prezidentimiz tomonidan Toshkent kinofestivalining tiklanishi
o‘zbek madaniy hayotining tom ma’nodagi timsoli bo‘lmoqda. Joriy yilda 52 davlatdan tashrif buyurgan 300 ga yaqin mehmonlar orasida rejissyor, aktyor va prodyuserlar bilan birgalikda ishonchli hamkorlar bor. 30 ga yaqin davlatlar bilan hamkorlikda kinoloyihalar amalga oshiryapmiz”, deydi u.
Bu yil diqqatga loyiq sanalar ko‘p. Jumladan, Xudoybergan Devonov tomonidan suratga olingan dastlabki filmning 115 yilligi, o‘zbek milliy dublyaj san’atining 85 yilligi va Toshkent kinofestivalining 65 yilligi. Muhim voqealarni festival doirasida birlashtirishga harakat qildik, dedi F.Abduxoliqov.
Bu yilgi tadbirlar dasturi qiziqarli voqeiliklarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Rossiya, Qozog‘iston, Isroil, Xorvatiya, Yaponiya, Polsha, Fransiya, Latviya, Chili, Koreya, Estoniya, Germaniya, Portugaliya, Singapur, Ukraina va boshqa 30 dan ortiq davlatdan kinoijodkorlar ishtirok etadi. Kinozallarda 50 ga yaqin filmlar namoyish etiladi. Ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, muhokamalar rejalashtirilgan.
Rejissyorlar Emir Kusturisa, Hasan Nazer, Abdul Latif Salazar, Kshishtof Zanussi, Aleksandr Sokurov, Janik Fayziyev, aktrisa Yelizaveta Boyarskaya, “Taksi” filmi yulduzlari Sami Naseri, Frederik Diyefental va boshqa ko‘plab kino olami yulduzlarining festivalga tashrifi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Madaniyat kunlari, Butunjahon kino kunlari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kinofestivalini o‘tkazish, filmlar namoyishi va muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirlarga kirish bepul.
Bundan tashqari, an’anaga ko‘ra, festival arafasida “Kino 5 kun ichida” tanloviga start berildi. Turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar qisqa vaqt ichida o‘z ijodiy ishlarini suratga olib, hakamlar hay’atiga taqdim etishi kerak bo‘ladi.