O‘zbekistonda Vodafone kompaniyasi ishtirokida yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi

O‘zbekistonda Vodafone kompaniyasi ishtirokida yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi

Dunyodagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri Britaniyaning Vodafone kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 20 avgust kuni Nukusda prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda UzTex Group to‘qimachilik kompaniyasi ta’sischisi, InfinBank asosiy aksiyadori va boshqa tadbirkorlik sub’ektlari egasi Farhod Mamajonov ma’lum qildi.

«Biz yangi sohada loyiha boshladik. Siz kechagi yig‘ilishda raqamlashtirish haqida gapirdingiz. Yashin tezligida ishlash uchun bizga yashin tezligidagi internet kerak. Siz xorijiy brendni jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdingiz. Biz dunyodagi nufuzli kompaniyalardan biri Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekistonda 5G Standalone mobil aloqasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni boshladik», — dedi u.

«Hamkor Britaniyaning Vodafone brendi bo‘ladi. Biz Perfectum kompaniyasini xususiylashtirdik. Buni bank ichida o‘rganib chiqdik, xususiy tadbirkorlarga quyi bo‘g‘inda yetib borish uchun internet kerak. Buning uchun Uzcard kompaniyasi bilan hamkorlikda birgalikda inqilobiy rejaga kirishdik - Vodafone kompaniyasi tashkil etiladi. Xudo xohlasa, yangi yilda ishga tushadi», - deydi tadbirkor.

Vodafone Group Plc qirq yillik tarixga ega va 30 mamlakatda 434 million foydalanuvchi (dunyoda China Mobile’dan keyin ikkinchi ko‘rsatkich) bo‘lgan dunyodagi eng yirik telekommunikasiya kompaniyalari guruhlaridan biri hisoblanadi. Yana 50 ta davlatda Vodafone to‘liq nazoratga ega bo‘lmagan tarmoqning hamkori hisoblanadi. U ovozli, xabar almashish, ma’lumotlar va stasionar aloqa kabi keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etadi. Shuningdek, kompaniya Freedom Telecom bilan hamkorlikda Qozog‘iston bozoriga chiqishni rejalashtirgan.

Farhod Mamajonov investisiyalar hajmi 250 million yevroni tashkil etishini aytdi. Loyiha 2025 yilning birinchi choragida boshlanishi va 1000 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Ushbu loyihada uskuna va texnologiyalar yetkazib beruvchisi bo‘lgan Finlandiyaning Nokia kompaniyasi ham ishtirok etadi.

«Ushbu texnologiyalar kelyapti va o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun «O‘zsanoatqurilishbank» orqali Finlandiya eksport agentligidan 100 million yevro sarmoya jalb qildik. Biz, ta’sischilar, o‘zimiz 150 million yevro yo‘naltiryapmiz. Shu paytgacha xorijiy va davlat [mobil] kompaniyalari bo‘lgan, hozir esa milliy uyali aloqa operatorini yaratmoqdamiz», — dedi u.

Tadbirkorning aytishicha, Vodafone bozorga kirishdan oldin «O‘zbekistonni, mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarni sinchiklab tekshirgan». Emirates Telecommunications Group Company PJSC (e& — Etisalat and) - BAA texnologik guruhi ham loyihada texnik hamkor sifatida ishtirok etadi, dedi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!