O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari soni 24,6 mingdan oshdi

O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari soni 24,6 mingdan oshdi

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyevning ma’lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari soni 24,6 mingdan oshdi. Ularning umumiy tashqi savdo aylanmasi salkam 30 milliard AQSh dollarini tashkil etmoqda.

Shundan hozirga qadar faqat 48 ta tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi vakolatli iqtisodiy operator maqomini qo‘lga kiritgan. Ularning 28 tasi birinchi turdagi, 13 tasi birinchi va ikkinchi turdagi hamda 7 tasi ikkinchi turdagi guvohnomalar asosida bojxona operasiyalarini amalga oshirishda maxsus soddalashtirishlardan foydalanib kelmoqda.

Vakolatli iqtisodiy operatorlarning umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi hozirda 1,1 milliard AQSh dollarini yoki 3,8 foizni tashkil etadi.

Vakolatli iqtisodiy operatorlar reestriga kiritilgan korxonalarning asosiy qismi, ya’ni 36 tasi Toshkent shahrida, 4 tasi Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Qashqadaryo hamda Namangan viloyatlarida 3 tadan, Andijon, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida 1 tadan vakolatli iqtisodiy operatorlar mavjud. Birinchi turdagi guvohnomalar asosida faoliyat yuritib kelayotgan vakolatli iqtisodiy operatorlar bojxona to‘lovlari to‘lanishini 50 foizga ta’minlagan holda bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash yoki muddatini yigirma ish kunigacha kechiktirib to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchi turdagi guvohnomalar asosida faoliyat yuritayotgan vakolatli iqtisodiy operatorlar esa bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash yoki muddatini yigirma ish kunigacha kechiktirgan holda tovarlarni erkin muomalaga chiqarishlari mumkin.

Tahlillarga ko‘ra, ikkinchi turdagi vakolatli iqtisodiy operatorlarga umumiy hisobda 30 milliard so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlarini bo‘lib yoki kechiktirib to‘lash bo‘yicha imtiyozlar berilgan. Shuningdek, ikkinchi turdagi guvohnomalar asosida faoliyat yuritib kelayotgan 20 ta vakolatli iqtisodiy operatorlarga bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda bojxona nazorati ostidagi jami qiymati 73,5 million AQSh dollarlik, 36,3 million tonna og‘irlikdagi tovarlarini o‘z omborlariga joylashtirish imkoniyati taqdim qilingan.

Hozirda Bojxona qo‘mitasi tomonidan vakolatli iqtisodiy operatorlar faoliyatini tashkil etish tartibini aniq belgilab berish, vakolatli iqtisodiy operatorlarga taqdim etiladigan maxsus soddalashtirishlar ro‘yxatini sohaga oid xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish ustida ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, vakolatli iqtisodiy operatorlar reestriga kiritish uchun tanlov mezonlarini va tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, mazkur institutni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan amaldagi me’yoriy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Vakolatli iqtisodiy operatorlarga xorijiy davlatlar hududida, xorijiy davlatlarning vakolatli iqtisodiy operatorlariga esa O‘zbekiston hududida maxsus soddalashtirishlar va imtiyozlarni joriy etish yuzasidan qator davlatlar bilan o‘zaro memorandumlar imzolashga hozirlik ko‘rilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!