O‘zbekistonda Qurbon hayiti namozi o‘qildi

O‘zbekistonda Qurbon hayiti namozi o‘qildi

Bugun erta tongdan mamlakatimiz jome masjidlarida Qurbon hayiti namozi o‘qildi.

Ozod va obod, farovon va taraqqiyot sari yuz tutgan yurtga bayramlar yarashadi. Illo, har bir bayramning o‘zgacha shukuhi, fayzi bo‘ladi. Qurbon hayiti o‘zining tarovati, fazilatlari bilan xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan. Shu bois bu bayram asrlar sinovidan bezavol o‘tib, milliy qadriyatlarimizdan biriga aylanib ketgan.

Qurbon hayiti so‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘tarinki ruhda, yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir.

O‘tmishdan ma’naviy hayotimizda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarni o‘zida mujassam etgan bayram arafasida mahalla, ko‘cha-kuylarda, ko‘p qavatli uylar atrofi, qabristonlar, muqaddas qadamjo hamda ziyoratgohlarda keng ko‘lamli obodonlashtirish yumushlari amalga oshirildi. Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga yordam ko‘rsatilmoqda.

Yurtdoshlarimiz uchun muborak Qurbon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

Hayit namozida dillarimiz quvonchga to‘lgan mana shunday qutlug‘ damlarda Qurbon hayitiga tinch-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytildi.

Ayni paytda bu muqaddas bayram mohiyatida mujassam bo‘lgan tinchlik, do‘stlik va hamkorlik, insonparvarlik g‘oyalari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirayotgan islohotlar, ulkan maqsad va vazifalarga uyg‘un va hamohang.

Yurtimizdagi har bir mahalla, shahar va qishloqdagi tinchlik va obodlik, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda Qurbon hayiti singari azaliy bayram va qadriyatlarimizning o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda.

Qurbon hayiti bayrami tarixi, muqaddas islom dini buyurgan ibodatlar, O‘zbekistondagi islom dini rivoji, ma’naviy qadriyatlar yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, mamlakatdagi bugungi farovon hayotning mazmun-mohiyati haqida ma’ruzalar o‘qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!