O‘zbekistonda Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi tashkil etiladi

O‘zbekistonda Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi tashkil etiladi

“Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) granti asosida milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafarini talabgor kasblarga o‘qitish hamda ularning kamida 5 ming nafari kasbiy malaka darajasini tasdiqlash va ularga malaka pasportlarini taqdim etish nazarda tutilgan.

Hujjat bilan quyidagilar nazarda tutilgan:

  • Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) granti hisobidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi muassisligida davlat ta’lim muassasasi shaklidagi Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazini tashkil etish;
  • “Ishga marhamat” monomarkazlari huzuridagi o‘quv-maslahat ofislarini transformasiya qilish.

Markazning asosiy vazifalari:

  • o‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, muhandis-ustalar, pedagog kadrlar hamda ta’lim faoliyatiga bevosita aloqador boshqa rahbar-xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • O‘zbekistonning milliy malaka tizimini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • professional standartlarni ishlab chiqishda ularni xorijiy tashkilotlar hamda ilmiy hamjamiyatlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali takomillashtirib borish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
  • mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga doir o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ilmiy adabiyotlar yaratish.

2024 yil 1 iyundan boshlab:

  • “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘qituvchilari hamda muhandis ustalarini maqomi bo‘yicha professional ta’lim muassasalari pedagoglariga tenglashtirish hamda ularga ushbu xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlari tatbiq etiladi;
  • xorijiy mutaxassislarga bajarilgan ishlar uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori ularning malakasi, tajribasi va ularga yuklanadigan ish hajmidan kelib chiqqan holda, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan belgilanadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 7 maydan kuchga kirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!