O‘zbekistonda inson a’zolarini oldi-sotdi qilish mumkinmi?

Qonunchilik hujjatlarida inson a’zolari va to‘qimalarining transplantasiyasi ruxsat berilganmi?
Ha, ruxsat bor lekin bu oldi-sotdi qilish mumkin degani emas.
Bu borada 2022 yil 15 mayda kuchga kirgan “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantasiyasi to‘g‘risida”gi qonun asosida asosli javoblar berib o‘tamiz.
Mazkur Qonunda resipiyent, tirik donor va transplantasiya tushunchalariga ta’rif berilgan.
Resipiyent — o‘ziga nisbatan inson a’zosining va (yoki) to‘qimasining transplantasiyasi bajariladigan inson;
Tirik donor — o‘zidan a’zolarning va (yoki) to‘qimalarning transplantasiya uchun olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan inson;
Transplantasiya — resipiyentda mavjud bo‘lmagan yoxud shikastlangan, o‘zining muhim hayotiy vazifalarini bajarishga qodir bo‘lmagan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni tirik donordan yoki inson murdasidan olingan a’zolarga va (yoki) to‘qimalarga jarrohlik amaliyoti yoki muolaja o‘tkazish yo‘li bilan almashtirish.
Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantasiyasiga resipiyentning roziligi shartmi?
Albatta, roziligi shart. Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantasiyasi resipiyentning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Bunda resipiyent bo‘lajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan o‘z sog‘lig‘i uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar haqida imzo qo‘ydirilib ogohlantirilishi kerak. Ushbu jarayon majburiy tartibda videoyozuvga qayd etiladi. Agar resipiyent o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa yoxud resipiyentning o‘zidan rozilik olishning imkoni bo‘lmasa, inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantasiyasi uning ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakilining yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Ushbu tartibni buzganlik uchun javobgarlik mavjud
Jinoyat kodeksining 115 prim 1-moddasiga ko‘ra insonni undan a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini transplantasiya uchun olishga rozilik berishga majburlash, zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar ojiz ahvolda ekanligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan yoxud moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan aybdorga qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Inson a’zolarining va to‘qimalarining transplantasiyasi uchun qanday shartlar mavjud?
Tirik donordan yoki inson murdasidan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni transplantasiya qilish faqat boshqa jarrohlik amaliyotlari yoki muolajalar resipiyent hayotini saqlab qolishni yoxud uning sog‘lig‘i tiklanishini kafolatlay olmagan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.
Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini resipiyentlarga transplantasiya qilish inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantasiyasi zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
Kimlarga nisbatan inson a’zolarini va to‘qimalarini olishga yo‘l qo‘yilmaydi?
Bu borada ham Qonunda aniq norma belgilangan. Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishga, agar ular O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan, transplantasiya qilish uchun inson a’zolari va to‘qimalari donorligiga qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatiga kiruvchi kasalligi bo‘lgan yoki ilgari shunday kasallikka chalingan tirik donorga yoki inson murdasiga tegishli bo‘lsa, yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagilarga nisbatan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishga yo‘l qo‘yilmaydi:
– o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga (bundan suyak iligini transplantasiya qilish hollari mustasno);
– belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, shuningdek, ruhiy holatning buzilishlariga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslarga;
– qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga;
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
– homilador ayollarga;
– shaxsi aniqlanmagan shaxslarga;
– muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarga;
– «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashovchi shaxslarga;
– a’zosi va (yoki) to‘qimalari ilgari transplantasiya uchun olingan shaxslarga.
O‘zbekiston fuqarosi chet davlat fuqarosi uchun a’zosini va (yoki) to‘qimasini berishga ruxsat beriladimi?
Yo‘q, ta’qiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet davlat fuqarosi bo‘lgan resipiyent uchun donor bo‘lishi mumkin emas.
Transplantasiya qilinadigan inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisiga ruxsat beriladimi?
Yo‘q, qonunchilikda cheklov mavjud. Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini transplantasiya qilishda jismoniy hamda yuridik shaxslarga inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi taqiqlanadi.
Shuningdek, transplantasiya qilinadigan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
Ushbu shartlarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik mavjud
Jinoyat kodeksining 133 prim 2-moddasiga asosan insonning transplantasiya qilinadigan a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.