O‘zbekistonda a’lochi va yaxshi o‘qiydigan talabalar bilan stipendiya puli qayta hisob-kitob qilinadi

O‘zbekistonda a’lochi va yaxshi o‘qiydigan talabalar bilan stipendiya puli qayta hisob-kitob qilinadi

O‘zbekistonda 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha talabalarga bir xil — 400 ming so‘m miqdorida stipendiya belgilanishi munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «beshlik» va «to‘rtlik» stipendiya to‘lash tartibi qayta tiklanishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Ayni vaqtda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev 2019 yil sentyabridan beri talabalarga 400 ming so‘m miqdorida bir xil stipendiya to‘lanishi noqonuniy ekani haqida yozib chiqqan edi. Yoshlar press-klubida 13 yanvar, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan muloqotda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov stipendiya masalasida kutilayotgan o‘zgarishlar haqida gapirdi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov.

«Stipendiya masalasida haqiqatan ham yaqinda qaror chiqadi. Deputat Kusherbayev ham biz bilan ishladi, hammasini ko‘rdik. Qaror orqali stipendiya miqdorini 400 ming so‘mdan 600 ming so‘mga, 600 ming so‘mdan 800 ming so‘mga chiqarish imkoniyati bor. Stipendiyaning avvalgi hajmi hech qayerga ketgani yo‘q. Ya’ni, qayta taqsimlanishi bilan yaxshiroq o‘qiydigan talaba ko‘proq, bemalol o‘qiydigan talaba esa kamroq stipendiya oladi. Talabalarning 25 foizigina byudjetdan stipendiya oladi. Qolgani o‘z pulini qaytarib olyapti», — dedi vazir.

Anjumandan so‘ng jurnalistlarning savollariga javob berarkan, vazir Majidov barcha talabalarga bir xil — 400 ming so‘m miqdorida stipendiya to‘lash tartibi «vazirlik va oliy o‘quv yurtiga berilgan vakolatlar asosida» joriy qilinganini ta’kidladi. Vazirning fikricha, ushbu tashabbus talabalarning bahoni sun’iy ravishda ko‘tarishga intilishining oldini olish, «to‘rtlik» yoki «beshlik» stipendiya olish niyatida yo‘l qo‘yiladigan korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida ilgari surilgan edi.

«Korrupsiyaga qarshi kurashishning, albatta, yana 10 xil yechimi bor. Lekin stipendiya miqdori sessiya vaqtida baho ortidan quvishning asosiy sababi bo‘lib qolgan... Stipendiyalar masalasida hukumatning yangi qarori chiqqach, talabalarga o‘zi olishi kerak bo‘lgan pullari qaytarib beriladi», — dedi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov.

Manba: daryo. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!