O‘zbekistonda aholining o‘rtacha oylik ish haqi qancha ekanligi aytildi
2019 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,2 mln so‘mni tashkil etdi.
Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensasiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga to‘lovlarni qamrab olgan bo‘lib, raqam 2018 yilning mos davriga nisbatan 31,2 %ga o‘sdi.
Ta’lim sohasida 23 298 ta muassasada 1,01 mln xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 15,9 trln so‘mni tashkil etgan. Sohada o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,7 mln so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 36,7 %ga oshgan.
Ta’lim sohasi bo‘yicha qator hududlarda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori ko‘rsatkichlari kuzatildi. Respublikadagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqiga nisbatan sezilarli yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri - 29,9 %, Toshkent viloyati 3,2 %, Jizzax viloyati - 1,9 % va Namangan viloyati - 1,2 % hissasiga to‘g‘ri kelgan. Respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan sezilarli past ko‘rsatkichlar Surxondaryo - 5,6 %, Xorazm - 4,5 %, Farg‘ona - 2,1 % hamda Qashqadaryo - 0,2 % viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Sanoat sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichlar Navoiy viloyati - 22,7 %, Toshkent shahri - 15,4 %, Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 12,6 % va Toshkent viloyati - 5,5 % hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ish haqining nisbatan past ko‘rsatkichlari Surxondaryo, Namangan - 3,3 % Jizzax - 2,9 %, Sirdaryo - 2,8 % viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahri 18,6 %, Buxoro viloyati 11,9 %, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 11,0 % va Sirdaryo viloyati 9,0 % hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ish haqining nisbatan past ko‘rsatkichlari Navoiy - 5,7 %, Farg‘ona - 4,5 %, Toshkent - 3,4% hamda Qashqadaryo - 0,9 % viloyatlarida kuzatildi.
Tashish va saqlash sohasidagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko‘rilsa, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida - 21,2 % kuzatildi, shuningdek, respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar Buxoro viloyatida kuzatildi. Respublika ko‘rsatkichidan sezilarli darajada past o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko‘rsatkichi Sirdaryo - 3,1 %, Jizzax - 1,6 %, Samarqand hamda Andijon - 0,3 % viloyatlarida kuzatildi
Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatidagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko‘rsatkichi respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan ko‘rib chiqilganda eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida 31,0 % kuzatildi. Ish haqining sezilarli past ko‘rsatkichlari Toshkent 6,9 %, Sirdaryo 6,5 %, Qashqadaryo 5,0 va Surxondaryo 4,6 % viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Respublika bo‘yicha 2019 yil yanvar-sentyabr oylarida 2018 yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori o‘sish sur’ati yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda, ta’limda, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida, axborot va aloqada, qurilishda va sanoatda ekanligi kuzatildi.