Kreml ichida qo‘rquv rejimi: Putinga suiqasd va davlat to‘ntarishi xavfi kuchaydi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin atrofida so‘nggi haftalarda misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralarining joriy etilgani aytilmoqda. Bu haqda Yevropadagi razvedka tuzilmalaridan biriga tegishli hisobotga tayanib, Important Stories nashri xabar berdi.
Hisobotga ko‘ra, Kreml 2026 yil mart oyidan buyon “yuqori ogohlantirish” holatida. Unda prezidentga qarshi ehtimoliy suiqasd yoki davlat to‘ntarishi xavfi haqida umumiy ogohlantirishlar keltirilgan, biroq bu tahdid aynan kimdan kelayotgani ochiqlanmagan.
Shu bilan birga, hujjatda dronlar orqali uyushtirilishi mumkin bo‘lgan hujum ehtimoli alohida qayd etilgan.
Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu esa “potensial beqarorlashtiruvchi shaxs” sifatida tilga olingan.
Joriy etilgan qattiq xavfsizlik choralariga ko‘ra, Putinga yaqin xodimlarga mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangan, jamoat transportidan foydalanish cheklangan. Shuningdek, xodimlar hamda xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar ustidan kuzatuv kuchaytirilgan. Putin va uning oilasi esa ayrim qarorgohlarga tashrif buyurishni to‘xtatgan.
Bundan tashqari, xavfsizlik idoralari ichida ham ichki nazorat kuchaytirilgani aytiladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, kuzatuv resurslari hatto davlat tuzilmalarining o‘ziga yo‘naltirilgan.
Ukrainadagi urush va iqtisodiy bosimlar fonida rossiyaliklarning kayfiyati ham o‘zgarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda internet cheklovlari va narxlar oshishiga nisbatan tanqidlar keskin kuchaygan.
Nashr rahbari Roman Anin bu vaziyatni “Rossiya siyosiy tizimidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi” sifatida baholagan.
