O‘zbekistonda 48 mingdan ortiq bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan ob’ektlar aniqlandi

O‘zbekistonda 48 mingdan ortiq bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan ob’ektlar aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari: tahlillar, imkoniyatlar va istiqbollar mavzusida forum tashkil etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Har bir bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydoni hududlarga qo‘shimcha investisiyalarni jalb etish manbasi, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish imkoniyati hisoblanadi.

Davlat ob’ektlarini xususiy mulkdorlarga berish jarayonini soddalashtirish, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini kengaytirish, mulkdan samarali foydalanishda mulkdorlarga qo‘shimcha imkoniyat yaratish, investorlarni keng jalb etishga qaratilgan bir qator qonuniy asoslar yaratilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 4 sentyabrdagi Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

O‘tkazilgan xatlov natijasida respublika bo‘yicha 48 150 ta bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan ob’ektlar mavjudligi aniqlandi. Idoralararo komissiyalar tomonidan har bir ob’ektga individual yondashuv asosida mulkdorlar bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda. Mulkdorlar oldida turgan muammoli holatlarni bartaraf etish hisobiga ayni vaqtgacha 15 205 ta investisiya loyihasi ishlab chiqildi. Ularni to‘liq amalga oshirish orqali hududlarga 11 trillion so‘mdan ortiq xususiy investisiyalar jalb qilinishi, 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida 4254 ta loyiha amalga oshirildi, natijada 15 mingta ish o‘rni yaratildi.

2017 yilda 1137 ya bo‘sh turgan korxonalar faoliyati tiklangan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 5 mingga yaqinlashdi. Buning natijasida 15 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. 2019 yilda bo‘sh turgan ob’ektlarni ishga tushirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda mulkdorlarga yaqindan ko‘mak berish uchun barcha choralar ko‘riladi. Investisiya loyihalarini puxta ishlab chiqish va amalga oshirishda tijorat banklarining roli va ishtirokiga e’tibor qaratiladi. Ular bilan hamkorlikda ishlab, tadbirkorlarga o‘z ishini yuritishi uchun imkoniyatlar beriladi.

Anjumanda sohani rivojlantirish yuzasidan takliflar berildi.

Jizzax shahridagi sobiq Markaziy universal magazini o‘rnida ASIA SCHOOL MCHJ tomonidan xususiy maktab tashkil qilindi. Buning uchun 800 million so‘m sarflandi, 10 ta ish o‘rni yaratildi.

Toshkent shahrining Bektemir tumanida kalava-ip ishlab chiqarishni tashkil etish korxonasi ishga tushdi. Tashlandiq binoni qayta ishga tushirish orqali 300 nafarga yaqin kishi ish bilan ta’minlandi.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!