O‘zbekistonda 2020 yildagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori aytildi
2020 yil yanvar-mart oylarida O‘zbekiston bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,5 mln so‘mni tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 26,5 foizga oshdi.
⠀
Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensasiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek, uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.
⠀
O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichidan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish faoliyati – 29,9 foizga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar - 27,7 foizga, ta’lim sohasi - 19,1 foizga sezilarli darajada past bo‘ldi. Shu bilan birga, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati - 111,5 foizga, axborot va aloqa sohasi - 61,5 foizga respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqoriligi kuzatildi.
⠀
Iqtisodiy faoliyatning barcha turlarida 2019 yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining o‘sishi kuzatildi. Ayniqsa bank, sug‘urta, lizing va kredit-vositachilik faoliyatida - 46,7 foizga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar - 32,6 foizga, qurilish sohasida - 32,2 foizga sezilarli o‘sish kuzatildi.
⠀
Hududlarda ayrim iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha respublikadagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqiga nisbatan eng past ko‘rsatkichlar kuzatildi. Jumladan, sanoat iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha – Sirdaryo (40,9 foiz), Namangan (35,1 foiz), Jizzax (30,6 foiz) va Surxondaryo (23,6 foiz) viloyatlarida, qurilish iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha - Jizzax (36,3 foiz), Qashqadaryo (34,0 foiz), Farg‘ona (32,6 foiz) va Xorazm (26,4 foiz) viloyatlarida, tashish va saqlash iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha – Andijon (56,5 foiz), Toshkent (52,7 foiz), Jizzax (50,8 foiz) va Sirdaryo (49,7 foiz) viloyatlarida hamda bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida – Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 20 foizdan ko‘p kamayish kuzatildi.