O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Prezidentimiz taklif va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun Xitoy yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston rahbari XXR Raisini Xitoy tashkil topgan kun hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining o‘n yillik yubileyi bilan dildan qutladi.

– “Makon va yo‘l” tashabbusi qisqa tarixiy davr ichida umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish yo‘lidagi hamkorlik uchun muhim, inklyuziv va ochiq platformaga aylandi.

XXR Raisining “Yashil ipak yo‘li” tashabbusi ilk bor 2016 yilda O‘zbekistonda bildirilgani chuqur ramziy ma’noga ega, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.

O‘zbekiston Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qat’iy intilishi alohida ta’kidlandi.

Har tomonlama strategik sheriklikni yangi davrda rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil may oyidagi Xitoyga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar izchil bajarilayotgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib, asosiy masalalar borasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Keyingi yillarda Xitoy investisiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 36 foizga oshdi. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Tovar ayirboshlashni yaqin besh yilda 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar borligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Xitoy kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida yuksak texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika tarmoqlarida, infratuzilmani modernizasiya qilish va boshqa yo‘nalishlarda bir qator yirik investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston yuqori qo‘shilgan qiymatli innovasion mahsulotlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish orqali yuqori texnologik loyihalarni ko‘paytirishdan manfaatdorligi bildirildi.

Xitoyning yetakchi banklari va “Ipak yo‘li” fondi bilan samarali hamkorlikka yuqori baho berildi.

Hududlararo aloqalar faollashgani qayd etildi. Yil boshidan O‘zbekistonga Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi, Shensi, Shandun, Szyansu va Szyansi muzofotlari delegasiyalari tashrif buyurdi.

Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va joriy etish borasida samarali tajriba almashish va amaliy hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Barcha kelishuvlar ijrosining borishini ko‘rib chiqish maqsadida Hukumatlararo qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish taklif qilindi.

Etakchilar madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida qizg‘in hamkorlikni yuksak baholadilar. Xitoy 2023 yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili” deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.

Yaqinda Xanchjoudagi Ipak milliy muzeyida O‘zbekistonning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Pekindagi “Gugun” saroyi muzeyida “Makon va yo‘l” tashabbusi doirasidagi Arxeologik hamkorlik ko‘rgazmasida tarixiy merosimiz ekspozisiyasi tashkil etildi.

Oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari, kelgusi yil bahorida esa Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda, ayniqsa yoshlar orasida xitoy tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkent va Samarqanddagi Konfusiy institutining samarali faoliyati bunga katta hissa qo‘shmoqda. Xitoy tilini o‘qitishni va yosh olimlar o‘rtasidagi almashinuvni kengaytirish rejalari belgilab olindi.

O‘zbekiston Prezidenti Toshkentda Xitoyning yetakchi Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochishni taklif qildi.

Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozisiya o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida davlatimiz rahbari XXR Raisini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Uchrashuv har doimgidek ishonchli, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!