O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘rtta qo‘shimcha savdo yo‘lagi ochadi

Qozog‘iston bilan mahsulot ayirboshlash ko‘lamini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston tomoni to‘rtta qo‘shimcha savdo yo‘lagi ochishni rejalashtirmoqda.
Mazkur tashabbusni respublikamizning ushbu qo‘shni davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Ibrohimov Jetisu viloyati tadbirkorlari bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
Diplomatik missiyamiz rahbari O‘zbekiston tomoni ilgari surayotgan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqani rivojlantirishga qaratilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, ayni dam davlat chegarasi nazorat-o‘tkazish manzillarida joriy ta’mirlash ishlari olib borilayotganini ta’kidladi. Zero, bunday chora-tadbirlar tovar aylanmasi o‘sishiga bevosita hissa qo‘shadi.
Hozir yurtimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ta’kidlash joiz, ikki davlat iqtisodiy munosabatlari mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash jarayoniga ham bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘tgan yil Qozog‘iston va O‘zbekiston jami 4,2 milliard dollarlik tovar va xizmat ayirboshlagan. Hisobot davrida diyorimizdan qardosh elga 1,4 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingan.