O‘zbekiston va Hindiston o‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi

O‘zbekiston va Hindiston o‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi

O‘zbekiston va Hindiston yaqin yillarda o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirilgan. Bu haqda Samarqandda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan o‘tkazgan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Mirziyoyev va Modi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

Ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish sur’atlari mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar hamkorlikni o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda yanada kengaytirish borasida birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Etakchilar o‘zaro savdo hajmi oshib borayotganini ko‘rsatib o‘tdilar. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 30 foizga o‘sdi. Keyingi olti yilda qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘paydi.

“IT, sog‘liqni saqlash, farmasevtika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida investisiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yaqin yillarda o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan”, - deyilgan xabarda.

Savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, fan va ta’lim sohalarida hamkorlik qilish dasturlarini, shuningdek, investisiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish bitimini tez fursatda qabul qilish va amalga oshirish zarurligi aytildi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Hindiston bilan transport aloqalarini, shu jumladan “Chobahor” portidan foydalangan holda mustahkamlashdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda Hindistonning uchta universiteti ochildi.

Etakchilar Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish va uning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashishdi. Narendra Modi O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini olqishladi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!