O‘zbekiston — Turkiya: Tibbiyot sohasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi
Joriy yilning 2-4 mart kunlari O‘zbekiston Cog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev boshchiligidagi delegasiya Turkiya Respublikasida bo‘ldi. Xo‘sh, bu tashrifdan ko‘zlangan maqsad nima edi?
Ma’lumki, Turkiya tibbiyoti dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ayniqsa, yuqori texnologik operasiyalar, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy sug‘urta, raqamli tibbiyot, farmasevtika kabi qator yo‘nalishlarda ushbu qardosh mamlakatdan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p.
O‘zbekiston vakillarining Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri F. Koja bilan bo‘lib o‘tgan muloqotida ana shu sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Xususan, muloqot chog‘ida F. Koja Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan Turkiya va O‘zbekiston rahbarlarining uchrashuvi sog‘liqni saqlash sohasidagi yaqin aloqalarni yanada mustahkamlash uchun keng yo‘l ochganini ta’kidladi.
Suratda: O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev va Turkiya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri F.Koja.
Shuningdek, Turkiyada tibbiyot sohasini isloh qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan eng tajribali mutaxassislarni mamlakatimizga jalb qilish, kadrlar tayyorlash tizimiga ilg‘or o‘qitish metodikalarini tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonlik shifokorlarning kardiojarrohlik, endokrinologiya, onkologiya, akusherlik va ginekologiya, bolalar onkogematologiyasi, boshqaruv menejmenti yo‘nalishlarida Anqara va Istanbul shaharlaridagi yetakchi tibbiyot muassasalarida malaka oshirishini tashkil etish ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolarini Turkiyadagi 9 ta davlat klinikasida imtiyozli tariflar bo‘yicha davolashni yo‘lga qo‘yish, yurtimizda har yili “Turk tibbiyoti oyligi”ni o‘tkazish borasida takliflar o‘rtaga tashlandi.
Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta va dori vositalari hamda tibbiy texnikani hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga kelishildi.
Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TICA) prezidenti S. Kayalar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar ham samarali kechdi. Unga muvofiq, agentlik tomonidan o‘zbekistonlik shifokorlarning Turkiyada malaka oshirishi uchun grant mablag‘lari ajratiladigan bo‘ldi.
Turkiya shifokorlar assosiasiyasi bilan esa bemor bolalarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va ularni samarali davolash bo‘yicha qo‘shma onlayn maslahat platformasini ishga tushirish xususida istiqbol rejalari belgilab olindi.
Turkiya mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi tibbiy sug‘urta masalasida O‘zbekiston bilan o‘z tajribalarini almashishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Safar doirasida delegasiyamiz Turkiya Farmasevtika va tibbiyot uskunalari agentligi (TİTCK), Tez tibbiy yordam markazi (SAKOM), “Ankara Şehir Hastanesi”, “Basaksehir Cam ve Sakura Sehir Hastanesi”, “Medipol” klinikalarida ham bo‘ldilar.
Masalan, Medipol universiteti shifoxonasi jahon standartlariga mos faoliyat olib borayotgan yirik xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasidir. Bu yerda har yili onkologik, gematologik, yurak-qon tomir va stomatologiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 800 mingga yaqin bemor davolanadi.
Mazkur muassasa mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston delegasiyasi vakillari mamlakatimizda “Medipol” brendi ostida ko‘p tarmoqli klinika tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Turkiya tomoni bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, dastlabki bosqichda “Medipol” mablag‘lari hisobidan kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Binobarin, Turkiyaning boshqa yirik xususiy klinikalari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ham istiqbolli kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, “LIV Hospital” mamlakatimizning to‘rt viloyatida tibbiyot xodimlari malakasini oshirishga mo‘ljallangan innovasion o‘quv markazlarini ochish, “Moodist Hospital” xususiy narkologiya va psixiatriya markazini tashkil etish, “Memorail Health Group” esa konsalting xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan taklif va rejalarini taqdim etdi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat olib boradigan “Rönesans Holding” kompaniyasi Farg‘ona va Buxoroda tashkil etiladigan ko‘p tarmoqli klinikalarni loyihalashtirish, qurish va jihozlash bo‘yicha tender tanlovlarida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Umuman, tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirliklari mutasaddilari 2022-2023 yillarda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Ruxsora Ortiqova, "Aniq.uz" muxbiri




