O‘zbekiston Rossiya bilan transport-logistika sohasini rivojlantirishga kelishib oldi
Qozon shahrida o‘tayotgan O‘zbekiston – Rossiya III hududlararo hamkorlik forumi doirasida O‘zbekiston Rossiya bilan transport-logistika sohasini rivojlantirishga kelib oldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Forum doirasida “Transport va logistika sohasidagi sheriklik: Rossiya va O‘zbekiston yangi chaqiriqlar dunyosida” mavzusida panel sessiya tashkil etildi. Unda transport-logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.
Ishtirokchilar ikki mamlakatning shaharlari, viloyatlari va iqtisodiy o‘sish markazlarini bog‘lovchi transport aloqalarini hamda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’minot zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishishdi.
Kelishuvlar:
Rossiya va O‘zbekiston hududlari orqali o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirish;
Evroosiyo qit’asi transport tizimini mustahkamlash maqsadida, xalqaro transport koridorlari yo‘nalishlarida davlat chegaralari nazorat-o‘tkazish punktlarining infratuzilmasini rivojlantirish sohasida kelishilgan chora-tadbirlarni qabul qilish;
Turli transport turlari orqali xalqaro xizmatlarni ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha tajriba almashishni davom ettirish hamda tarmoqlararo va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash;
O‘zaro savdo va tranzitni rivojlantirishga xizmat qiladigan transport-logistika sohasidagi mintaqaviy loyihalarni milliy rejalarga kiritish bo‘yicha muloqotni davom ettirish;
Yangi multimodal yo‘nalishlar, jumladan, “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” yo‘nalishini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash.
