O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkazilmoqda
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkazilmoqda. Forumda 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etmoqda.
Forum ikki davlat ta’lim sohasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tadi. Tadbir universitetlar innovasiyasi va to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlanadi.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov hamda Koreya ta’lim vazirligining Global ta’limni rejalashtirish Byurosi bosh direktori Ji Yong Pak xonim ochib berdi.
Hozirda Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlari bilan ta’lim va ilmiy hamkorlikning boshqa ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha aloqalar o‘rnatildi. Xususan, texnik va muhandislik fanlari, axborot, raqamlashtirish va sanoat texnologiyalari, jumladan, “yashil texnologiyalar” yo‘nalishlariga ixtisoslashgan Inxa, Adju, Puchon va Koreya xalqaro universitetlari filiallari O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) turli texnik yordam dasturlari doirasida O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreya universitetlarida magistraturada o‘qitish uchun stipendiyalar ajratmoqda. O‘qituvchi va mutaxassislar uchun KOICA tomonidan Janubiy Koreya sezilarli yutuqlarga erishgan turli sohalarda tashkil etilgan seminar va o‘quv kurslari, ayniqsa, yangi sanoat texnologiyalari, axborot va kompyuter tizimlari, tibbiyot va tibbiy ta’lim va boshqa ko‘plab sohalarni rivojlantirishda Koreya tajribasi va bilimlarini o‘rganish muhimdir.
Qayd etish lozimki, mazkur tadbir universitet rektorlariga o‘zaro axborot almashish, tajriba o‘rganish, mahorat darslari va seminarlar o‘tkazish, qo‘shma dasturlar yaratish, qo‘shma ilmiy loyihalarni tashkil etish imkoniyatini taqdim etadi. Xalqaro forum yakunida qator hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda. Bitimlar asosan ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaratiladi.
Forum ikki seksiyadan iborat bo‘lib, ulardan biri universitetlarning iqtisodiy o‘sishga qaratilgan innovasiyalari va texnologiya sohalaridagi tashabbuslariga bag‘ishlansa, boshqasida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik va almashinuvni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Mazkur seksiyalar hisoboti o‘qib eshittirilganidan so‘ng forum rezolyusiyasi qabul qilinadi.
Shuningdek, forum doirasida mehmonlar poytaxtimizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalari, texnoparklar bilan tanishishlari hamda Samarqand shahriga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgan.