O‘zbekiston pasporti dunyo reytingida nechanchi o‘rinda?

O‘zbekiston pasporti dunyo reytingida nechanchi o‘rinda?

Henley & Partners (H&P) xalqaro konsalting kompaniyasi 13 oktyabr, seshanba kuni jahon pasportlarining yangilangan reytingini taqdim etdi. Unda davlatlar pasport egasi vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni bo‘yicha baholanadi.

Henley & Partners tomonidan tuzilgan ro‘yxatda O‘zbekiston uch pog‘onaga ko‘tarilib, 83-o‘rinni egalladi. Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 57 mamlakatga vizasiz kirishlari yoki yetib borgandan keyin viza olishlari mumkin.

O‘zbekiston Kot-d'Ivuar va Gabon bilan 83-o‘rinni bo‘lishib oldi.

Yaponiya reytingda birinchi o‘rinda turibdi. Yaponiya fuqarolariga 191ta davlatga vizasiz kirish yoki borgandan keyin viza olish huquqi berilgan. Ikkinchi o‘rinda 190 mamlakat bilan Singapur, uchinchi o‘rinda Janubiy Koreya va Germaniya joylashgan. Ularning fuqarolari 189 mamlakatga vizasiz kirishlari yoki borgandan keyin viza olishlari mumkin.

To‘rtinchi pog‘onada Finlyandiya, Italiya, Lyuksemburg va Ispaniya (188 davlat) bo‘lsa, beshinchi o‘rinda - Avstriya va Daniya (187 davlat). Fransiya, Irlandiya, Niderlandiya, Portugaliya, Shvesiya 6-pog‘onada (186 davlat), Belgiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va AQSh 7-o‘rinda (185 davlat). Sakkizinchi pog‘onadan Avstraliya, Chexiya, Gresiya, Malta (184 davlat), to‘qqizinchi o‘rindan Kanada (183 davlat) va 10-pog‘onadan Vengriya (182 davlat) joy oldi.

MDH mamlakatlaridan Rossiya 48-o‘rinda (117 davlat), Belarus va Qozog‘iston 67-o‘rinda (75 davlat), Ozarboyjon 73-o‘rinda (67), Armaniston 77-o‘rinda (63), Tojikiston 82-o‘rinda (58) va Turkmaniston 87-o‘rinda (53 davlat).

Reytingning so‘nggi qatoridan Afg‘oniston joy olgan. Mazkur davlat fuqarolari uchun 26ta mamlakatga vizasiz kirish imkoni mavjud


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!