O‘zbekiston oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlar qasamyod qabul qildi

24 sentabr kuni joriy yilda Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan birinchi kurs kursantlarining tantanali “Vatanga qasamyod” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.
Xususan, Qurolli Kuchlar akademiyasida mazkur oliy harbiy ta’lim muassasasi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasiga yangi qabul qilingan kursantlar Vatanga qasamyod qabul qildi.
Tantanali tadbirda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, ota-onalar va kursantlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar kursantlarni ona Vatanni qo‘riqlash kabi sharafli kasbni egallash yo‘lidagi ilk qadamlari bilan qutladi.
Shuningdek, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida kursantlar Vatanga qasamyod keltirish uchun saf tortdi. Marosimda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov ishtirok etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston oliy harbiy aviasiya bilim yurti, Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida ham “Vatanga qasamyod” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazildi.
Aloqa institutidagi marosimda keng jamoatchilik vakillari yurtimizda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasi yo‘lidagi islohotlar haqida gapirar ekan, barchaning o‘qish va keyingi xizmatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Kursantlar davlatimizning muqaddas ramzi bo‘lgan bayroqni o‘pib, buyuk ajdodlarning pok ruhlari, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bog‘lab, vijdoni, or-nomus va sha’nini o‘rtaga qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq bo‘lishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdi.