O‘zbekiston Eron bilan sayyohlik sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda

O‘zbekiston Eron bilan sayyohlik sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda

Eronning yetakchi «Iran News» gazetasida «O‘zbekiston Eron bilan turizm sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda» sarlavhali maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Nashrda 17-Tehron xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Buxoro viloyati hokimligi vakillaridan iborat delegasiyasi qatnashgani ma’lum qilingan. O‘zbekiston delegasiyasi Tehronga safari davomida respublikaning Erondagi elchixonasida o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev taqdimotdagi nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar, ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ibrohim Raisiy o‘rtasidagi uchrashuvlardan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

«Ushbu ko‘rgazma davomida yurtimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, betakror go‘zalligi, xalqimizning urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ortga qaytmas keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz prezidenti rahbarligida yurtimizda turizm sohasini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda», — deya O‘zbekiston diplomatik missiyasi rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan bosma nashri.

Maqolada, shuningdek, taqdimotda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev so‘zga chiqqani va ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlikni rivojlantirish, turistlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar bo‘yicha rejalar bilan o‘rtoqlashgani qayd etilgan.

«Tadbirda O‘zbekistonning turizmni rivojlantirish va bu sohada boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan bir qator muhim chora-tadbirlar hamda yangidan barpo etilayotgan zamonaviy infratuzilma haqida ham ma’lumot berildi», — deb yozgan «Iran News».


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!