“O‘zbekiston 24” kanali ishonchimizni oqlaydimi?

“O‘zbekiston 24” kanali ishonchimizni oqlaydimi?

Mamlakatimizda axborot uzatish, jurnalistika sohasida katta islohotlarga qadam qo‘yildi. Muntazam ravishda rasmiy, ishonchli, aniq ma’lumotlarni kechayu kunduz berib borish, aholini mamlakatdagi jarayonlardan xabardor qilish maqsadida Prezident qarori bilan “O‘zbekiston 24” telekanali tashkil etildi. Telekanal mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va sport sohalarida yuz berayotgan hodisalarni tezkorlik bilan yoritib borishi, shuningdek, telekanalning xorijda ham muxbirlik punktlariga ega bo‘lishi maqsad qilindi. «O‘zbekiston 24» SD va HD formatlarida raqamli efir ijtimoiy paketiga kiritilishi, uning HD formatidagi translyasiyasi mamlakatda ushbu formatga to‘liq o‘tilgunga qadar parallel ravishda UzHD kanalida ham amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

O‘sha kundan e’tiboran barcha viloyatlardagi telekanal bo‘limlari ham jiddiy ishga kirishdilar. Kuzatib boryapmizki, kanal doimiy ravishda dolzarb mavzularda o‘tkir materiallarni, ko‘rsatuvlarni tayyorlab efirga bermoqda. Rasmiy ma’lumotlar, suhbatlar, brifinglar, kinofilmlarni qiziqish bilan ko‘radiganlar ko‘p. Tomoshabinni mushohadaga chorlovchi ko‘rsatuvlar ham berib borilmoqda. Ayniqsa, yaqindagina tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan “Ilhaq” filmi ko‘plarda chuqur tassurotlar qoldirdi. Shaxsan o‘zim doimiy ravishda televizorimni “O‘zbekiston 24” ga sozlab qo‘yaman.

Telekanalning barcha xodimlariga, jurnalistlarining mehnatlarini e’tirof etgan holda, katta minnatdorchilik bildirib, doimiy tomoshabin sifatida ayrim mulohazalarimni bildirib o‘tmoqchiman.

Bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda bir mavzu keng muhokama qilindi, “O‘zbekiston 24” telekanalining saviyasi borasida ko‘p fikrlar bildirildi. Bu fikrlarning hammasiga qo‘shilib bo‘lmasa-da, umumiy ohangda bildirilgan e’tiroz o‘rinli edi. 

Asosiy bildirilgan e’tirozlar kanalning axborot uzatish sohasida tutgan yo‘liga nisbatan bildirilgan edi. Darhaqiqat, “O‘zbekiston 24” axborot berish tizimini o‘zgartirishi zarur. Kanalning boshqa aksariyat ko‘rsatuvlari haqida umumiy e’tiroz bildirayotganimiz yo‘q, axborot sohasida ham eng ishonchli, rasmiy manba sifatida hurmat qilamiz. Lekin tezkorlik masalasida oqsayotgani namoyon bo‘lib turibdi. Ba’zan ayrim voqea, xabarlar haqida muddati o‘tgandan keyin ham axborot beriladi. Bu vaqtda qanchadan-qancha boshqa xabarlar oqimi tarmoqlarda oqib kelayotgan, jarayonlar kechayotgan bo‘ladi...

Tanqidiy munosabatlarda tilga olinganidek, go‘yoki jahonda, O‘zbekistonda boshqa hayot oqimi kechayotgandek, “O‘zbekiston 24” da esa tinch, osuda boshqa hayot kechayotgandek tasavvur uyg‘otishi ham mumkin. To‘g‘ri, mamlakatda kechayotgan ijobiy jarayonlarni albatta berish kerak, yutuqlarimizni ko‘rishimiz kerak, odamlarda amaga oshirilayotgan islohotlardan boxabarlik, kelajakka ishonch ruhi paydo bo‘lishi kerak. Shu bilan birgalikda, hayotiy materiallar, kamchiliklarimizni ham ko‘rishimiz kerak. Birov qiyshiq oyna olib bizga tutganidan ko‘ra, to‘g‘ri oynani o‘zimiz olib yuzimizni ko‘raylik.
Bugun axborot asrida yashayapmiz, gazeta-jurnallarda axborot tezkorligida internetga yeta olish imkoniyati yo‘qdir, biroq televideniyeda unga bas kelishga imkon bor. Teng kelganda ham ishonchli, rasmiy ma’lumot berish imkoni bor.

Voqea joyiga borib xabarlar tayyorlash, tezkorlik bilan uzatish ham mumkindir. Lekin bu telekanal tahliliy materialga ko‘proq o‘rin bersa, yaxshiroq natijaga erishiladi. Agar xabar tezkorligi, muhimligi jihatidan ahamiyatini yo‘qotgandan keyin ham efirga uzatiladigan bo‘lsa, kimningdir manfaatiga xizmat qilayotganday  tasavvur uyg‘otishi ham mumkin.
Bu kanal ochilganda juda yaxshi maqsadlar qo‘yilgan, 24 soat davomida vatanimizda kechayotgan jarayonlar, yoniq nuqtalardan xabarlar tinimsiz uzatib turilishi nazarda tutilgan. Sohani isloh qilish kerak.

Bugungi kunda televideniye, bizningcha, eng ilg‘or axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Raqamli televideniye joriy etilishi teletomoshabin ekran qarshisida qaysi kanalni qancha minut ko‘rib, keyin chiqib ketganini ham aniqlash imkoniyati yaratildi. Bir kunda kanalni nechta odam ko‘rayotganini bilsa bo‘ladi. Birov ko‘rmayotgan kanallarni yopish fikri,  taklifi ham beriladi ba’zan. “O‘zbekiston 24” kanali ana shu imkoniyatdan foydalanib, o‘z reytingini baholashi, agar tomoshabinlari boshqalarnikidan kam bo‘lsa, o‘z ustida ishlashi kerak.

“O‘zbekiston 24” davlat siyosatini to‘g‘ri aks ettiruvchi, vatandoshlar hayotidan hikoya qiluvchi rostgo‘y kanal, biz uning kelajagiga, yagona eng kuchli kanal bo‘lishiga ishonamiz. Balki kadrlar siyosatini o‘zgartirish kerakdir, balki maqsadlarni boshqacharoq qo‘yish kerakdir. Uni takomillashtirish esa davr talabidir.

Gulbahor SAIDG‘ANIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi

Manba: human.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!