O‘zbek onkologlari Rossiyada klinik ordinatura yo‘nalishi bo‘yicha bepul tahsil oladi

O‘zbek onkologlari Rossiyada klinik ordinatura yo‘nalishi bo‘yicha bepul tahsil oladi

Avval xabar berganimizdek, bugun Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahrida “Sog‘lom jamiyat” forumi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli xalqaro anjumanda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov ham ishtirok etdi.

— Mazkur forum biz uchun har tomonlama foydali bo‘ldi, — deydi professor. — Ayniqsa, Rossiyaning N.N.Petrov nomidagi onkologiya milliy tibbiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi muhim ahamiyatga ega.

Aytish lozimki, ikki tomonlama uchrashuvda onkologlarni klinik ordinaturada bepul o‘qitish va malakasini oshirish, fundamental onkologiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish hamda saraton kasalligini davolash bo‘yicha yangi zamonaviy dori-darmonlarning qo‘shma klinik sinovlarini o‘tkazish yuzasidan qator kelishuvlarga erishdik.

Yakunda ushbu markaz bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, endilikda yurtimizdagi klinik ordinatorlar ta’limning ikkinchi yili Rossiyada bepul tahsil oladi. Shu bilan birga, magistratura bosqichini tamomlagan o‘zbek talabalari bir oydan uch oygacha ushbu mamlakatda o‘z bilim va ko‘nikmalarini bepul rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, o‘zbek mutaxassislari uchun rossiyalik onkologlar ishtirokida mahorat darslari va “master-klass”lar o‘tkazish bo‘yicha ham hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.

Unga ko‘ra, yaqin kelajakda markazimizda ushbu mamlakat shifokorlari bilan birgalikda yuqori texnologiyali laparoskopik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish va nur terapiyasi orqali og‘ir bemorlarni davolash yo‘lga qo‘yiladi.

Bu esa yurtimizda ixtisoslashgan tibbiyotning eng murakkab yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan onkologiya va radiologiya sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!