O‘zbek oilalari Turkiyadagi zilzilada oilasidan ayrilgan go‘daklarni asrab olsa bo‘ladimi?
Bugun, dunyo e’tibori Turkiya va Suriya davlatlariga qaratildi. 6 fevral saharda yuz bergan dahshatli zilzila har ikki davlatda son-sanoqsiz talofatlarni yuzaga keltirdi, Suriyada bir shaharcha butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Qardosh Turkiyada esa 5000 dan ortiq bino vayron bo‘ldi, hozirga qadar vayronalar ostidan halok bo‘lgan, shuningdek, joni omon qolganlar olib chiqilmoqda. Ayni paytdagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada qurbonlar soni 16 546 nafarga, jarohatlanganlar soni 66 132 nafarga yetdi. Suriyada ham qurbonlar soni 3 mingdan oshdi.
Qardosh Turk xalqining boshiga kelgan bu kulfat O‘zbekiston xalqini ham qayg‘uga soldi. Bugun o‘zbek xalqi o‘z qardoshlari dardiga sherik: ularga hamdardlik bildirmoqda, ruhini ko‘tarmoqda, qo‘lidan kelgan yordamni berishga shoshmoqda.
Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida taziya daftari ochildi. O‘zbekiston aholisi jabrdiyda millatga hamdardlik bildirib, elchixonaga kelishmoqda, ta’ziya izhor etishmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga tashrif buyurib, Turk xalqiga yana bir bor hamdardlik bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya va Suriyada asosiy talofatlarni keltirib chiqargan mazkur zilzila so‘nggi 100 yillikdagi eng dahshatli zilzila bo‘ldi. Ayni paytda, bir qancha manbalarda zilzila sun’iy yaratilgani aytildi. Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekarga ko‘ra esa bu tabiiy ofat.
"Turkiyada zilzila juda katta masshtabda — 200 kvadrat km. hududda sodir bo‘ldi. Bizning makmlakatda 10ta hududda, bundan tashqari bir nechta chegaradosh davlatlarda ham turli talofatlarni keltirib chiqardi. Bu tabiiy ofat, bunaqa zilzilani uyushtirib bo‘lmaydi. Bu haqdagi tarqalayotgan xabarlar va taxminlar hech qanday asosga ega emas. Turkiyaning bu hududlari azaldan seysmik faol hisoblanadi, faqat bu gal juda qattiq bo‘ldi. Inshaolloh, mamlakat tez orada o‘zini qayta tiklab oladi", - dedi Elchi janoblari.
Ijtimoiy tarmoqlarda zilzila sabab yaqinlarini yo‘qotgan, joni omon qolgan bolalar haqida lavhalar keng tarqaldi. O‘zbekistonliklar tomonidan zilzila oqibatida ota-onasini yo‘qotgan bolalarni asrab olish bo‘yicha ko‘plab takliflar va xohishlar yozilmoqda. Turkiya elchisi mazkur masalaga ham munosabat bildirdi.
"Bolalarni asrab olish - bu huquqiy masala, bu YUNISEF tomonidan ko‘rib chiqiladi. Biroq hozir bu muhim emas, hozir imkon qadar odamlarni qutqarish, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish birinchi o‘rinda. Ammo, o‘zbek xalqining shunday munosabatda bo‘lishi ham, ikki xalqning naqadar yaqin bir birlikda ekanligidan dalolatdir", - dedi Turkiya elchisi.
Manba: darakchi.uz






