Uyqusiz tundan keyin tetiklashishga yordam beradigan 7 tavsiya
Uyqusizlik va dam olmaslik sabab organizmda surunkali charchoq va holdan toyish holatlari kuzatiladi. Quyidagi tavsiyalarga amal qilish orqali esa tetiklashish va odam o‘zini yaxshi his qilishi mumkin.
To‘g‘ri ovqatlanish
Tiniqib uxlamagandan keyin ertalabdan kuchli charchoq his qiladigan bo‘lsangiz, tarkibida tez singadigan uglevodlar bo‘lgan mahsulotlarni taomnomadan chiqarib tashlang. Gazlangan ichimliklar, shirinlik, chips, makaron va glikemik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan mahsulotlardan tiyilish kerak. Murakkab uglevodlarga boy mahsulotlar esa sekin singadi, qondagi qand miqdori keskin ko‘tarilmaydi va kishida kun davomida yetadigan energiya bo‘ladi. To‘g‘ri ovqatlanish ham muhim rol o‘ynaydi. Kun davomida 5-6 marta oz-ozdan ovqatlaning. Olma, bodom va quritilgan mevalar tamaddi uchun yaxshi muddao.
Jismoniy faollik
Ish va o‘qishingiz ko‘p bo‘lgan taqdirda ham ora-chora harakat qilib turing. Bir vaziyat uzoq vaqt davomida o‘zgarmay turadigan bo‘lsa, kishini uyqu bosadi. Bunga tabiiy bioritmning o‘zgarishi sabab bo‘ladi. Tushlik vaqti toza havoga chiqib sayr qiling, organizm kislorodga to‘yadigan bo‘lsa, kishi o‘zini yaxshi his qiladi.
Suv ichish
Charchoq organizm suvsizlanishiga xos yana bir simptom sanaladi. Suv tonusda bo‘lish va energiya ko‘payishiga hissa qo‘shadi. Shu sabab ham iloji boricha kam-kamdan, tez-tez suv ichishni kanda qilmang.
Quyosh nurlari
Aksariyat hollarda D vitamin yetishmagani sabab charchash va holsizlik kuzatiladi. Quyosh nuridan 15-20 daqiqa bahra olganda kunlik me’yor qoplanadi va kuchga to‘lishga sababchi bo‘ladi. Quyosh vannasi sil, qandli diabet, teri, yurak qon-tomir kasalliklari uchun ham profilaktika hisoblanadi.
Aromaterapiya
Olimlar iforlarning asab tizimiga ta’sir qilishini aniqlagan. Efir yog‘ining ta’sir qilish algoritmi aniq bo‘lmasa ham ulardan ayrimlari charchoqni bartaraf qilishi, tetiklashtirishi ma’lum. O‘zingizni yaxshi his qilmoqchi bo‘lsangiz sitrus, yalpiz, qora murch ifori sizga bu borada yordam bera oladi.
Suv muolajalari
Yuz va qo‘lni sovuq suv bilan yuvganda ham tetiklashishni his qilish mumkin. Shu sabab ham uyqu bosganini his qilganda barmoqlarni suvga solib turing yoki sprey idishiga solingan sovuq suvni yuzingizga seping.
Nafas mashqlarini bajarish
Nafas mashqlari stressni kamaytiradi, o‘pkalar faoliyatini jadallashtiradi, yurakka ijobiy ta’sir qilib, qon bosimining me’yorda bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Buning uchun o‘tirgan holda ko‘zlaringizni yuming. Burun orqali qisqa va keskin nafas olib, chiqaring. Bu vaqtda qorningizni harakatlantiring, ammo ko‘krak qafasini qimirlamasligiga e’tibor qarating. Boshlanishiga 10 marta bajarishning o‘zi yetadi, keyinchalik nafas olib-chiqarish sonini sekin-asta ko‘paytirish mumkin.