Ushbu haftada harorat +33 darajagacha ko‘tariladi

Bugun va ertaga O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar qildi.
Ma’lum qilinishich, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
23 aprel – chorshanba kuni faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
24-25 aprel kunlari respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Dam olish kunlari kuzatilgan salqin havodan so‘ng, ushbu hafta davomida havo harorati asta-sekin ko‘tarilishi kutilmoqda.
Bugun, kunduzi respublika bo‘yicha harorat +20...+25 daraja, ish haftasining oxiriga kelib +25...+30 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +31...+33 darajagacha bo‘ladi.
Shamol birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi, 24-25 aprelda ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi.
21-22 aprel kunlari respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda bugun kechga tomon va ertaga kunning ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati +21...+24 daraja bo‘ladi.
23-25 aprel kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +25...+28 darajagacha ko‘tariladi.
Harorat asosan kechalari +12...+15 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi.