O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.X. fuqaro J.R.ga Qozog‘iston Respublikasidagi universitetning 2-bosqichini tamomlaganligi haqida qalbaki hujjat tayyorlab berish orqali uni Toshkent shahridagi Farmasevtika ta’lim va tadqiqot institutiga 3-bosqichdan o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.I. fuqaro D.D.ga Qozog‘iston Respublikasidagi universitetning 1-bosqichini tamomlaganligi haqida qalbaki hujjat tayyorlab berish orqali uni O‘zbekiston Respublikasidagi universitetlardan biriga 2-bosqichdan o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi xodimi F.SH. 2 nafar fuqaroni ushbu texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!