Umumiy ovqatlanish korxonasi xizmatlaridan foydalanganda iste’molchilarning huquqlari nimalardan iborat?

Umumiy ovqatlanish korxonasi xizmatlaridan foydalanganda iste’molchilarning huquqlari nimalardan iborat?

Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, umumiy ovqatlanish korxonalari iste’molchiga unga sotilgan taomlar, kulinariya mahsulotlari, tovarlarning o‘lchami va og‘irligini, shuningdek sotilayotgan mahsulotning (xizmatning) normativ-hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshirish imkoniyatini yaratishi kerak. Yakka tartibdagi mehnat faoliyati tartibida umumiy ovqatlanish mahsulotini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar iste’molchining iltimosiga ko‘ra unga yakka tartibdagi tadbirkorning (yuridik shaxs bo‘lmagan dehqon xo‘jaligining) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani ko‘rsatishi kerak.

Kulinariya mahsuloti (ko‘rsatilayotgan xizmatlar) sifatida kamchiliklar, kam tortishlar yoki hisob-kitobdan urib qolishlar aniqlangan taqdirda umumiy ovqatlanish korxonasi rahbariyati va xodimlari iste’molchining tanlashiga ko‘ra:

belgilangan kamchiliklarni bepul bartaraf etishi;

kulinariya mahsuloti (xizmatlar) uchun to‘lov miqdorini kamaytirishi;

qo‘shimcha haq to‘latmasdan xuddi shunday taomni, kulinariya mahsulotini tayyorlashi (xizmatni takroran bajarishi);

iste’molchining sifasiz kulinariya mahsuloti sotib olish (xizmatlarni bajarish) bilan bog‘liq xarajatlarini to‘liq qaytarishi;

etkazilgan ma’naviy zararni qoplashi shart.

Xizmat ko‘rsatishga oldindan berilgan buyurtmani bajarish muddatlari buzilganda, ko‘rsatilayotgan xizmatda kamchiliklar aniqlanganda iste’molchi o‘z tanloviga ko‘ra:

umumiy ovqatlanish subektiga xizmatlar ko‘rsatishni boshlashi va (yoki) tugallashi kerak bo‘lgan yangi muddatni tayinlashga va ko‘rsatilayotgan xizmat narxini kamaytirishni talab qilishga;

ko‘rsatilayotgan xizmat narxini kamaytirishni talab qilishga;

iste’molchi tayinlagan maqbul muddatda kamchiliklarni bepul bartaraf etishni yoki zarur sifatdagi ana shunday umumiy ovqatlanish mahsulotini tayyorlashni yoki uni boshqa mahsulotlar bilan almashtirishni talab qilishga;

ko‘rsatiladigan xizmatlardan voz kechishga haqlidir.

Iste’molchi shuningdek xizmatlar ko‘rsatishni boshlash va (yoki) tugallash muddatlari buzilishi sababli o‘ziga yetkazilgan zararning to‘liq qoplanishini talab qilishga haqlidir. Etkazilgan zarar iste’molchining tegishli talablarini qondirish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda qoplanadi.

Umumiy ovqatlanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subekt xizmat ko‘rsatish muddatlarining buzilishi yengib bo‘lmaydigan kuchlar oqibatida yoki iste’molchining aybi bilan sodir bo‘lganligini isbotlagan taqdirda iste’molchining talablari qondirilmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!