Ukrainadan Rossiyaga olib ketilgan 161 nafar bola topildi

A A A
Ukrainadan Rossiyaga olib ketilgan 161 nafar bola  topildi

Ukraina polisiyasi nemis hamkasblari bilan hamkorlikda Rossiya tomonidan o‘g‘irlab ketilgan 161 nafar ukrainalik bolani Germaniyada topdi. Bu haqda Ukraina Milliy polisiyasi raisi Ivan Vixovskiy Berlinda Germaniya Federal jinoyat polisiyasi boshqarmasi prezidenti Xolger Munx bilan uchrashuv chog‘ida aytib o‘tdi.

«Rossiyaning harbiy jinoyatlarini, ya’ni ukrainalik bolalarning deportasiyasi va majburiy ko‘chirilishini hujjatlashtirish bo‘yicha Germaniya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorligimiz tufayli 161 nafar ukrainalik bolaning Germaniyadagi manzili aniqlandi. Bu bolalar vaqtincha bosib olingan hududlarga majburan ko‘chirilgan yoki Rossiyaga deportasiya qilingani uchun qidiruvda bo‘lgan», dedi Vixovskiy.

U ukrainalik bolalar Germaniya hududiga qanday kelib qolganiga aniqlik kiritmadi.

Vixovskiyning qo‘shimcha qilishicha, u rossiyalik harbiy jinoyatchilarni Ukraina sudlarida ham, boshqa davlatlar sudlarida ham javobgarlikka tortishda hamkorlar yordamiga, Xalqaro jinoiy sud va maxsus tribunallardagi harbiy-siyosiy rahbariyatga ishonadi.

«Biz nemis hamkorlarimiz bilan ikki tomonlama asosda ham, Yevropol shafeligida ham qo‘shma harakatlardan manfaatdormiz», deb ta’kidladi Ukraina Milliy polisiyasi rahbari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!