Ukraina qarshi hujumni boshladi

6 fevral kuni ertalab Ukraina harbiylari Kolmakov xutoridan Kursk viloyatining Plexovo yo‘nalishida zirhli texnika, jumladan, Abrams tanklari, ikkita minalardan tozalash trallari, to‘rtta tank va 10 ga yaqin zirhli mashinalardan foydalangan holda hujum boshlaganini Rossiya ommaviy axborot vositalari xabar qilmoqda.
400 nafar ukrainalik harbiydan iborat kolonna Sudja tumanidan Belovskiy tomon harakatlanayotgani kuzatilgan. "Voyenkor" Yuriy Kotenokning ma’lum qilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari hujumni susaytirmayapti. Harbiy bloger Mixail Zvinchuk Ukraina hujumni Glushkovo qishlog‘i tomon kengaytirishga urinishi mumkinligini taxmin qilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatining Ulanok va Cherkassk Konopelkasi yo‘nalishida qarshi hujumga o‘tishga uringanini, Rossiya armiyasi esa "barcha hujumlarni qaytarganini" ma’lum qildi.
"Faol janglar davom etmoqda, Rossiya aviasiyasi va artilleriyasi dushmanga zarba bermoqda, ammo noqulay ob-havo sharoiti dronlarning ishlashini qiyinlashtirmoqda," - deyiladi xabarda.