O‘zbekistonliklar ko‘proq sayohatga chiqa boshladi
Aeroport — mamlakatning o‘ziga xos barometri. Bu yerda jamiyat kayfiyati, insonlarning orzu-intilishlari, davlat siyosati va islohotlarining natijalari yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. O‘n yillar avvalgi aeroportdagi muhit va bugungisini taqqoslay turib, xayolimdan shu fikrlar o‘tdi.
Agar avvallari O‘zbekiston aeroportlarida asosan ish izlab (Rossiyaga) yo‘lga chiqqanlar, xizmat yoki savdo-sotiq tashvishida yurgan hamyurtlarimiz ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsa, bugun manzara boshqacha: jomadonlarini yetaklaganicha sayohatga, ziyoratga otlanayotgan odamlar, quvonchini ichiga sig‘dira olmayotgan bolalar, oilalar... ular shunchaki dunyoni ko‘rish, hordiq chiqarish uchun yo‘lga chiqishyapti.
So‘nggi yillarda o‘zbekistonliklarning xorijga safarlari geografiyasi ham ancha darajada kengaydi. Turkiya, BAA, Misr kabi an’anaviy yo‘nalishlar bilan birga Yevropa Ittifoqi, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Yaponiya, Tailand, Vyetnam, Indoneziya, AQSH, Buyuk Britaniya va Gruziya singari davlatlar ham faol tanlanmoqda. Sayohatga chiquvchilar soni har yili bir necha barobargacha oshayotgani, birinchi navbatda, jamiyatdagi hayot sifatining o‘zgarayotganidan dalolat. Atrofingizga bir boqing: albatta qaysidir tanishingiz oilasi bilan sayohatga chiqib kelayotganini ko‘rasiz. Ayrimlari buni odatiy tusga kiritgan ham. Bundan o‘n yillar avval shunday manzaraga guvoh bo‘larmidingiz? Menimcha, yo‘q!
Sayohatning ommaviylashuvi aviasiya sohasidagi o‘zgarishlar bilan ham bog‘liq. Yoki aniqrog‘i, islohotlar aviasiya sohasidagi o‘zgarishlarga turtki bo‘ldi. Bir paytlar faqat bitta aviakompaniya xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lgan hamyurtlarimiz bugun o‘nlab yo‘nalishlar va o‘n ikki aviakompaniya o‘rtasida tanlov qilish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, xorijning o‘nlab aviakompaniyalari ham bor. Raqobat narxlarni biroz muvozanatlashtirdi, xizmat sifatini oshirdi, parvozni esa ko‘pchilik uchun imkonli qildi.
O‘zbekiston hatto samolyot va aviakompaniyalar soni bo‘yicha MDH davlatlari orasida yetakchi o‘rinlarga chiqib oldi.
O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati mahsuli yurtdoshlarimiz harakat erkinligida ham aks etmoqda. Bugun O‘zbekiston fuqarolari 40 ga yaqin davlatga vizasiz, yana 40 dan ortiq mamlakatga soddalashtirilgan tartibda borishi mumkin. Oxirgi ikki yilda Xitoy, BAA, Tailand, Eron, O‘mon kabi vizasiz yo‘nalishlar ochildi. Qatar, Saudiya Arabistoni, Vyetnam kabi davlatlar viza rejimini yengillashtirdi.
Vizalarning bekor qilinishi qog‘ozbozlikni kamaytiribgina qolmay, bizning dunyoga, dunyoning bizga nisbatan ishonchi va qiziqishini oshirdi. Qolaversa, bu O‘zbekiston fuqarosining xalqaro maydondagi obro‘si ortib borayotganidan darak.
Markaziy bank tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda aholining real daromadlari yildan-yilga oshib boryapti. Valyuta operasiyalari hajmining ortishi, xalqaro pul o‘tkazmalarining o‘sishi odamlarda nafaqat kundalik ehtiyoj, balki sayohat kabi turmush sifatini oshiruvchi qarorlar qabul qilish imkoni paydo bo‘lganini anglatadi.
Tabiiyki, inson avval tirikchilikni o‘ylaydi, farovonlikka erisha boshlaganidan keyin esa yashash tartibini o‘zgartirib boradi. Bugun ko‘plab oilalarda shunday o‘zgarishlar kuzatilyapti: to‘y-hashamlar, ortiqcha dabdabalar o‘rnini sayohatlar egallayapti. Aslida sayohat ko‘r-ko‘rona sarf emas, balki oilaviy xotiralar, qadriyatlar, farzandlar tarbiyasi va sog‘lom tafakkurga kiritilgan sarmoya hisoblanadi.
Ilmiy tadqiqotlar sayohatning stressni kamaytirishi, immun tizimini mustahkamlashi, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini pasaytirishini isbotlagan. Sayohat qilgan inson kamroq charchaydi, ko‘proq harakat qiladi, ruhan tetik bo‘ladi. Demak, uning ishida ham unum bo‘ladi. Sayohat insonga vaqtni qadrlashni, hayotda yaxshi yashashni o‘rgatadi. Eng asosiysi, sayohat haqiqatan ham umrni uzaytiradi.
Sayohat endi ko‘pchilik uchun orzu emas, me’yorga aylandi. Turmush sifati o‘smoqda, inson o‘zini faqat tirikchilik tashvishlari bilan cheklamay, dunyo mo‘’jizalari haqida o‘ylay boshladi. Qisqasi, ko‘p eshiklar ochildi, jamiyat esa bundan foydalanishni o‘rgandi.
Bugun o‘zbekistonliklar ko‘ngli tusagan yo‘nalishni — dengiz bo‘yidagi hordiqni ham, tarixiy shaharlaru, tabiat yoki ziyorat turizmini ham tanlay oladi. Tanlov bor. Erkinlik bor. Imkoniyat bor.
Doim dunyoga ochiq bo‘laylik, dunyo ham bizga ochiq bo‘lsin. Ishonchimiz komil, sayohatga chiqadigan yurtdoshlarimiz soni hali bundan-da ko‘p bo‘ladi!
