Turkiyada davlat xizmatchilari hukumatning maosh taklifiga qarshi ish tashladi
Bir kunlik norozilik butun mamlakat bo‘ylab transport va xizmatlarga ta’sir ko‘rsatmoqda.
18 avgust kuni Turkiyada davlat xizmatchilari hukumatning 2026–2027 yillar uchun taklif etgan maosh oshirish rejalariga qarshi bir kunlik ish tashlash o‘tkazdi. Norozilik butun mamlakat bo‘ylab jamoat transporti va davlat xizmatlarida jiddiy uzilishlarga sabab bo‘ldi.
Hukumat 12 avgust kuni ilk bor maoshni oshirish bo‘yicha taklifini e’lon qilib, 2026 yilning birinchi yarmida 10%, ikkinchi yarmida 6% va 2027 yilda ikki marotaba 4% ko‘tarishni rejalashtirgan edi. Keyinchalik, 15 avgust kuni bazaviy maoshga qo‘shimcha ₺1,000 (taxminan $24) qo‘shilishi ham bildirildi, ammo kasaba uyushmalari buni yetarli deb bilmay, rad etdi.
Norozilik namoyishlari Anqaradan tortib barcha 81 viloyatda o‘tkazildi. Poytaxtda davlat xizmatchilari Moliya hamda Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirliklari oldida yig‘ildi. Izmirdagi shahar atrofi poyezdlari — İZBAN esa ish tashlash tufayli bir kunga to‘xtatildi.
Turkiya Kasaba uyushmalari konfederasiyasi raisi Ali Yalchin hukumatning taklifini “inflyasiya haqiqatini inkor etish” deya baholab, “bunday sharoitda muzokara emas, ko‘chaga chiqishdan boshqa yo‘l qolmadi”, dedi. Norozilikka Memur-Sen va KESK kabi yirik tashkilotlar ham qo‘shildi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, iyul oyida inflyasiya 33,5%ni tashkil etdi. Mustaqil tadqiqotchilar esa real ko‘rsatkich 65% atrofida ekanini ta’kidlamoqda. Kasaba uyushmalari esa 2026 yil uchun 88%, 2027 yil uchun esa 46% maosh oshirilishini talab qilmoqda.
