Turkiya Suriyada baza qurishi mumkin

Turkiya Suriya armiyasining salohiyatini oshirish uchun Suriyada harbiy o‘quv bazasi tashkil etish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar beradi Milliy mudofaa vazirligidagi manbalar. Qaror mintaqada diplomatik harakatlar faollashgan bir paytda qabul qilindi.
2025-yil 9-mart kuni Iordaniyada beshta davlat – Turkiya, Iroq, Suriya, Iordaniya va Livan vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida Suriyada terrorizmga qarshi birgalikda kurashish borasida kelishuvga erishildi.
"Ishtirokchi besh davlat Suriyaning terrorizmga, xususan, DAIShga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi. Suriyaning yangi hukumati talabiga ko‘ra va tegishli davlatlar bilan kelishuvlarga ko‘ra, qo‘shma operasiya markazi tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda", — deyiladi vazirlik xabarida.
Anqara uchun Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlash alohida ahamiyatga ega. “Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlab qolish, mamlakat bo‘ylab yangi Suriya hukumatining davlat hokimiyatini o‘rnatish, Suriyada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash Turkiya uchun katta ahamiyatga ega”, - deya ta’kidladi manbalar.
Shu bilan birga, Turkiya Mudofaa vazirligi Rossiyaning S-400 tizimlarini sotib olgani uchun Turkiyaga kiritilgan CAATSA sanksiyalarini bekor qilish bo‘yicha AQSh bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida xabar berdi.
"Bu jarayon muhtaram prezidentimiz va Tramp o‘rtasidagi telefon muloqoti bilan boshlandi. Keyinroq tashqi ishlar vazirlari uchrashdi. Texnik muzokaralar kelgusi davrda ham davom etadi. Biz boshidanoq CAATSA sanksiyalari noqonuniy ekanligini aytgan edik. Bir ittifoqchi davlat boshqasiga qarshi sanksiyalar qo‘llash noto‘g‘ri ekanligini qayta-qayta ta’kidlaganmiz", — dedi vazirlik.
Agar sanksiyalar bekor qilinsa, Anqara Amerikaning F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish masalasiga qaytishga tayyor: “Agar CAATSA sanksiyalari bekor qilinsa, mudofaa sanoati, mudofaa va xavfsizlik sohasida AQSh bilan hamkorlik sur’ati oshadi, deb hisoblaymiz”.
Departament, shuningdek, global oziq-ovqat inqirozining oldini olish uchun Turkiya yetakchiligida ilgari amalga oshirilgan “g‘alla yo‘lagi”ni qayta tiklash imkoniyati haqida ham izoh berdi. "Hozircha rasmiy qaror yo‘q. Turkiya global va mintaqaviy tinchlikni mustahkamlash va oziq-ovqat inqirozining oldini olish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga tayyor", - deya ta’kidladi manbalar.