Turkistonning yuragida ikki kun
Prof.dr. Yusuf TEKIN
Turkiya Respublikasi Milliy ta’lim vaziri
YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida Turkiya Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun Turkiston zaminining markazi bo‘lgan O‘zbekistonga tashrif etishdan benixoya xursand bo‘ldik.
Turkistonning har bir go‘shasi bizning uchun muhim, ammo Samarqand va Buxoroni bag‘rida jamlagan O‘zbekistonning o‘rni juda boshqacha. Oramizda ildizlari teran do‘stlik bor, chuqur qarindoshlik rishtalari mavjud. Bilge Xoqon tomonidan Orxun yodgorliklarida “Sabim tuketi eshitgil!” ya’ni “So‘zimni boshidan oxirigacha eshitgin!” degan so‘zlar bilan boshlangan bu shodlikda va g‘amda birlik tuyg‘usi, ming yillik tarixga va boshimizdan kechirgan musibatlarga qaramay kundan-kunga kuchayib bormoqda. Turklarga xos bo‘lgan bu vijdon va rahm-shafqat ideali bugungi kunda dunyoga o‘rnak bo‘ladigan qadriyatlarimizning ham ramzidir.
Hazrat Navoiy,
“Odami ersang demagil odami,
Aning ki yoq xalq g‘amidin g‘ami,”
degan misralarida aynan shu idealni ifoda etadi. Yoki Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning birlik va hamjihatlikka, Vatanga muhabbatga urg‘u bergan quyidagi misralari:
Birligimizning tebranmas togi,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i,
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin imdi Turkiston bog‘i,
Uyg‘on xalqim, bitsin ortiq buncha zulumlar,
misralari yoki bu qarindoshlikka eng ko‘p ehtiyoj sezganimiz Ozodlik urushini ta’riflar ekan ifodalagan bu misralari birlik va birdamlik ideallarimizga hamohangdir:
Ey Inonyu, ey Sakarya, ey istiqlol yerlari,
Milliy Misak olinguncha to‘xtalmasin, ilgari!
...
Bilolmas kim “madaniyat” beshigiga o‘lturg‘on,
Jallodlarning barcha tama va xirslari sizmlarda...
Ey istiqlol, ey Sakarya, ey Inonyu yerlari,
Yur, mazlumlar tofonining o‘ch olg‘uvchi sellari!
Turkiya-O‘zbekiston qarindoshligini yoki mening bu zaminga bo‘lgan muhabbatimni ta’riflash uchun shunga o‘xshash minglab misollar keltirishim mumkin. Oramizda ana shu yuqorida keltirilgan shodlikda ham, g‘amda ham birlik va birdamlikning namunasi bo‘lmish birodarlik rishtalari bor.
Milliy ta’lim vaziri sifatida bizning burchimiz ham shu do‘stlikni mustahkamlash va kelajak avlodlarning bu qarindoshlik atrofida yanada kuchliroq jipslashishini ta’minlashdan iboratdir. Safarimiz davomida bu borada juda muhim qadamlar tashladik. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri muhtaram Ezozxon Karimova bilan do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lidagi hamkorligimiz doirasida o‘zbek qarindoshlarimiz uchun Istanbulda ochiladigan maktab hamda Toshkentdagi Turk maktabi uchun ajratiladigan yer maydoni haqida juda samarali suhbatlar o‘tkazdik. Shu munosabat bilan muhtaram Vazirga va barcha O‘zbekiston mutasaddilariga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Biz, Turkiyada Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahnamoligida kelasi asrni ta’limda Turk asriga aylantirish yo‘lidagi eng muhim qadamlarimizdan biri bo‘lgan yangilangan o‘quv dasturimizdagi turli o‘zgarishlar va azaliy do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lida qilgan ishlarimiz haqida gapirib berdik. Ayniqsa, innovasion jismoniy va texnologik infratuzilma, o‘qituvchi kadrlar yetishtirish jarayonlari, kasb-hunar va texnik ta’lim, raqamli texnologiyalar va ta’limdagi sun’iy intellekt ilovalari, darsliklar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalarning ko‘pligi va bu hamkorlikni tezroq boshlashning qanchalik zarurligini ko‘rdik.
Shu doirada Turkiya davlati sifatida olib borayotgan siyosatimizni ta’lim diplomatiyasi shakliga aylantirish uchun amalga oshirayotgan ishlarimizni muzokara qildik. Shu nuqtai nazardan, biz ta’lim diplomatiyasini na faqat jismoniy yoki virtual sinflarda o‘qitiladigan darslar, balki xalqlarning umumiy taqdirini belgilaydigan strategik bir jarayon, bir jamiyatning muvaffaqiyat hikoyasini boshqa jamiyatlarga yetkazish usuli sifatida ko‘ramiz. Ta’lim sohasida o‘rnatgan har bir xalqaro hamkorligimiz negizida o‘z asosiy qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazish maqsadi yotadi.
Bugungi kunda tashqi siyosatda muhokama qilinayotgan ko‘plab mavzular — energetika, xavfsizlik, mudofaa, migrasiya va boshqa sohalardagi hamkorlikning uzoq muddatli bo‘lishi uchun ta’lim bilan bir qatorda ilgari surilishi shart. Agar qaysi sohada bo‘lmasin, ta’limni davraga qo‘shmasangiz, til topishish oson bo‘lmaydi, mushtarak konseptual zamin paydo bo‘lmaydi; hatto ba’zan tezda hal qilinishi mumkin bo‘lgan muammolar xalqaro munosabatlarni sekinlashtiradi. Ta’lim diplomatiyasi doirasida g‘arbdan sharqqa, shimoldan janubgacha dunyoning har bir burchagida olib borayotgan faoliyatimiz bizga sun’iy intellekt va yangi texnologiyalarni ta’limga, dars dasturlariga integrasiya qilish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va sohada karyera imkoniyatlari, kasb-hunar va texnik ta’lim hamda sanoat bilan hamkorlik qilish, ta’limning qamrab olish imkoniyatlarini oshirish uchun masofaviy yetishuv muhitlari, qishloqlar uchun gibrid ta’lim va boshqa raqamli yechimlar kabi keng ko‘lamli muammolarni muhokama qilgan do‘st va qarindosh mamlakatlar bilan qadriyatlarga asoslangan ta’lim modelini yaratishda hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlarni beradi.
Qarindosh O‘zbekiston bilan rivojlantirayotgan ta’lim sohasidagi aloqalarimiz ham ana shu qarashlar mevasidir. Sevgi va madaniy rishtalarga asoslangan faoliyatimizda sezilarli yutuqlarga erishmoqdamiz. Hozirda O‘zbekistonda 50 nafar o‘qituvchi va 9 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Toshkentda maktabgacha ta’limdan lisey darajasigacha faoliyat yurituvchi ikki turk maktabida jami 693 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ayni paytda professor-o‘qituvchilarimiz turli darajadagi 14 ta’lim muassasasida o‘zbek qarindoshlarimizga turk va turk madaniyatidan saboq berib kelmoqda. Qarindosh maktablarimiz dasturi doirasida mamlakatimizdagi beshta maktab O‘zbekistondagi maktablar bilan tenglashtirilib, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin rishtalarni saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladigan faoliyatlarni birgalikda olib bormoqdalar.
2025 yil 1 noyabrda Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri muhtaram Ezozxon Karimova bilan imzolangan Bitim tufayli ikki do‘st davlat o‘rtasida ta’lim diplomatiyasi sohasidagi aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu Bitim doirasida Toshkentdagi turk maktablari uchun Toshkent shahrida maktab binosi qurish uchun yer ajratildi; xuddi shu tarzda O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p yashaydigan Istanbul shahrining Bakirko‘y tumanida o‘zbek maktabi tashkil etish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi. Bu o‘zgarishlar ikki davlatning ta’lim sohasidagi hamkorligining davomiylik ifodasidir. Asosiy jihati shundaki, bu hamkorlik mushtarak idealga asoslanganidir: qadimgi sivilizasiya farzandlari sifatida bizning tariximiz mushtarakdir; bizning kelajagimiz ham umumiy bo‘lishi kerak. Istanbuldagi maktab ham, Toshkentdagi maktab ham birodarlik muhitimizni butunlay yangi bosqichga olib chiqib, katta yutuqlarga erishadi.
Bu tashrifim men uchun do‘stlik jarayonini yanada rivojlantirishga qaratilgan qadamlar jihatidan ham, menga bergan ajoyib hissiyotlar jihatidan ham bebaho bo‘ldi. Avvalo, har bir tashrifimda yanada rivojlangan va yanada kuchli bo‘lgan O‘zbekistonni ko‘rishdan juda mamnun ekanligimni bildirmoqchiman. Shuningdek, bu O‘zbekistonni har jihatdan katta marralarga yetkazgan hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblariga chin yurakdan minnatdorligimni izhor etishni burchim deb bilaman.
So‘zimning so‘nggida, bu tashrifimiz davomida bizga ko‘rsatilgan va qarindoshlik ruhiga yarashadigan mehmondo‘stlik hamda iliq munosabat uchun tashakkurimni aytmoqchiman. Xususan, dilkash inson va samimiy do‘st sifatida taniganim O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori janob Sherzodxon Qudratxo‘jaga ham katta rahmat aytaman. Turkiston zaminining yuragida o‘tkazgan ikki mazmunli kun uchun hamda turk-o‘zbek do‘stligi yo‘lida chin ko‘ngildan fidoyilik bilan mehnat qilayotgan barchaga o‘z minnatdorligimni izhor etaman.
