Farg‘onada hokim o‘rinbosari, Namanganda esa ikki nafar hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi
Hokimlik idoralari faoliyatida korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi
1️⃣ Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departmenti tomonidan Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bog‘dod tuman hokim o‘rinbosari 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida aniqlanishicha, ushbu mansabdor shaxs o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Beshariq tumanida yashovchi fuqaro tomonidan “elektron onlayn auksion” savdo platformasi orqali ijara huquqi asosida yutib olingan 2,4 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaroga mulk huquqi asosida o‘tkazib berishni va’da qilgan.
2️⃣ Namangan shaxar hokimining mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi mazkur mahalladagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ajratilgan yer maydonlaridan 8 sotix qismi uchun dalolatnoma rasmiylashtirib, bir yil davomida noturar sifatida foydalanib turish va bir yildan so‘ng yer toifasi qarorini turar-joy toifasiga o‘zgartirib berishni va’da qilib, buning evaziga fuqarodan 6 000 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokimlik vakili kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
3️⃣ Xuddi shunday holat, Yangi Namangan tumani mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida ham kuzatildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi tuman hokimligi va kadastrdagi tanishlari orqali ushbu mahalladagi 12 sotix davlat zaxirasida bo‘lgan yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 16 000 AQSh dollarini talab qilib, oldindan 6 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
⚖️ Hozirda ushbu hokimliklar vakillariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
